O‘zbekiston Respublikasi Sog‘likni saqlash vaziri o‘rinbosari ishtirokida seminar o‘tkazildi

Туман янгиликлари

17 aprel kuni Amudaryo tuman tibbiyot birlashmasi majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘likni saqlash vaziri o‘rinbosari Farrux Sharipov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘likni saqlash vaziri Murod Qurbanovlar ishtirokida tibbiyot xodimlari va soha ma’sullari uchun seminar o‘tkazildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘likni saqlash vazirining 2023 yil 13 oktyabrdagi buyrug‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan, tuman darajasida ambulator va statsionar sharoitda ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxati tasdiqlangan edi. Shuningdek, vazirning 2024 yil 23 yanvardagi buyrug‘iga muvofiq 2024 yilda Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida, 2025-2026 yillarda bosqichma-bosqich qolgan hududlarda davlat tibbiy sug‘urta mexanizmlari joriy etilishi hamda moliyalashtirishning yangi modeliga o‘tilishi munosabati bilan tegishli chora-tadbirlar belgilangan edi.

Seminarda tibbiyot sohasi mas’ullariga ushbu buyruqlarning mazmun-mohiyati va ularda topshirilgan vazifalarning ijro mexanizmlari haqida batafsil tushunchalar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘likni saqlash vazirining o‘rinbosari Farrux Sharipov seminar ishtirokchilariga davlat budjeti mablag‘lari hisobidan koplanadigan, tuman darajasida ambulator va statsionar sharoitda ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan xajmlari ro‘yxati haqida, davlat tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etish hamda moliyalashtirishning yangi modeliga o‘tilishi jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish, bu borada tibbiyot xodimlari tomonidan qilinishi lozim bo‘lgan funksional vazifalar, aholi o‘rtasida o‘tkaziladigan tushuntirish-targ‘ibot ishlarining ahamiyati haqida to‘xtaldi.

Vazir o‘rinbosari tumandagi markaziy shifoxona, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik punktlarida aholini tibbiy brigadalarga biriktirish va xavf guruhlariga ajratish, shifokor oldi ko‘rigi xonasida amaliyotchi hamshira qabulini tashkil qilish borasida tavsiyalar berdi. Shuningdek, seminar ishtirokchilari bilan kafolatlangan tibbiy yordam hajmlari, dori vositalari paketi, diagnostika uchun ajratiladigan reaktiv va sarflov materiallari, elektron tibbiy karta, elektron navbatga yozilish tartibi, oilaviy shifokor yo‘llanmasi asosida ko‘rsatiladigan bepul tibbiy yordam turlari, tibbiy xizmatlar uchun norasmiy to‘lovlarni bartaraf etish yo‘llari borasida fikr almashildi.

Tuman tibbiyot birlashmasi mas’ullari va tibbiyot xodimlariga davlat tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish bo‘yicha aholini birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga biriktirish tartibi, oilaviy shifokor tomonidan bemorga kafolatlangan paket doirasida tibbiy yordam olishi uchun beriladigan yo‘llanma shakli, shifoxonadan yoki ruhiy kasalliklar shifoxonasidan chiqarilganlarning statistik kartasi shakli, oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik punktlari va aholi biriktirilgan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarni moliyalashtirish hajmini shakllantirish maqsadida qo‘llaniladigan hamda ushbu muassasalarga biriktirilgan aholi yoshi va jinsi koeffitsiyentlari haqida batafsil tushunchalar berildi.

Seminardan keyin mas’ullar tumanning “Berdax”, “Qangli” oilaviy shifokorlik punktlarida bo‘lib, ushbu tibbiyot muassasalarida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizlarini amalga oshirishga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar va mas’ullarga kerakli tavsiya hamda maslahatlar berdilar.

J.Yavqashev, tuman tibbiyot birlashmasining tashkiliy-uslubiy bo‘limi mudiri