Endilikda xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari va “Mahalla yettiligi” hamkorlikda faoliyat yuritadi

Туман янгиликлари

Ma’lumki, 2024 yil 4 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Mahallalardagi muammolarni hal etishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari va senatorlarning “Mahalla yettiligi” bilan o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Mazkur qaror bilan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari va “Mahalla yettiligi”ning o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari tasdiqlandi.

20 aprel kuni Amudaryo tumani hokimligida ushbu qarordan kelib chiqadigan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda mazkur masala bo‘yicha Amudaryo tumaniga biriktirilgan senator – O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi raisi Uliqbek Jalmenov, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, Jo‘qorg‘i Kengesning tumandan saylangan deputatlari, xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, hokimlik va idora-tashkilotlar mas’ullari qatnashdi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, endilikda aholining ijtimoiy xizmatlardan xabardorligini oshirish, muammolarini hal etish, hududlarda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni saqlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish kabi masalalarda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari va “Mahalla yettiligi” o‘zaro hamkorlikda faoliyat yuritadi.

Bundan tashqari, ushbu hamkorlik yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirish, mahallada huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, aholiga davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, mahalliy budjet daromadlari barqarorligini ta’minlash kabi masalalarni ham qamrab oladi.

Qaror bilan tuman va shahar Kengashi deputatlariga bir oy davomida o‘zi biriktirilgan mahalladagi “Mahalla yettiligi” tomonidan amalga oshirilgan ishlar holatini o‘rganish, bunda “Mahalla yettiligi” tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam va ajratiladigan subsidiyalarning manzilliligi va asosliligiga alohida e’tibor qaratish, mahalla fuqarolarining qabulini tashkil etish, aniqlangan muammolarni imkon qadar joyida hal etish choralarini ko‘rish topshirilgan.

O‘rganish va aholi bilan muloqot natijalari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar hamda bildirilgan takliflar umumlashtirilib, tuman Kengashi kotibiyatiga taqdim etiladi. Xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati esa deputatlar tomonidan taqdim etilgan muammolarni tegishliligi bo‘yicha doimiy komissiyalar o‘rtasida o‘rganish uchun taqsimlaydi. Tuman kengashining doimiy komissiyalari har oyda deputatlar hamda “Mahalla yettiligi” tomonidan ko‘tarilgan muammolarni mutasaddi idoralar vakillari bilan birgalikda o‘rganib, sayyor tarzda muhokama qiladi va hal etish choralarini ko‘radi. O‘rganish natijalari bo‘yicha o‘z yechimini topmagan muammolar esa Kengash sessiyasi muhokamasiga kiritadi.

Endilikda tuman va shahar Kengashlari har chorakda hududdan saylangan senator va Jo‘qorg‘i Kenges yoki tegishli viloyat Kengashi deputatlari ishtirokida sessiya o‘tkazadi. Sessiyada “Mahalla yettiligi” faoliyati va ular bilan hamkorlik samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, Mahalla uyushmasi tuman va shahar bo‘limi rahbarlarining Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi daromadlari va xarajatlari ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti eshitiladi. Bundan tashqari, fuqarolar yig‘ini raislarining faoliyatiga baho beriladi, o‘z faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mahalla raisiga nisbatan ishonchsizlik bildiriladi.  

Yig‘ilishda Oliy Majlis Senati Kengashining yuqoridagi qarorini amalga oshirish mexanizmlari, xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari va “Mahalla yettiligi”ning o‘zaro hamkorlikda faoliyat yuritishini ta’minlashda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlarga batafsil to‘xtalib o‘tildi.

Aytish kerakki, “Mahalla yettiligi” – Kengash – Senat” uch bo‘g‘inli hamkorlik mexanizmining amaliyotga tatbiq etilishi mahallalardagi ishlarni tizimli va samarali tashkil etishga, muammolar yuzasidan o‘z vaqtida va ta’sirchan deputatlik, Kengash va Senat nazorati o‘rnatilishiga xizmat qiladi.

G‘.Yeshniyozov, Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi raisining o‘rinbosari.