"Kitobsevar millat" shiori ostida IV Respublika kitobxonlik haftaligi boshlandi

Туман янгиликлари

Shu haftada mamlakatimiz bo‘ylab “Kitobsevar millat” shiori ostida IV Respublika kitobxonlik haftaligi o‘tkazilmoqda. 22 aprel kuni Amudaryo tumani axborot-kutubxona markazida mazkur haftalikning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda aholi, ayniqsa yoshlarni kitobxonlikka da’vat qilish uchun berilayotgan e’tibor va yaratilayotgan sharoitlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdilar. Aytish jokizki, “Kitobsevar millat” shiori ostida o‘tkazilayotgan bu yilgi Respublika kitobxonlik haftaligi doirasida tuman axborot-kutubxona markazi tomonidan ham qiziqarli tadbirlar, uchrashuv kechalari, kitob taqdimotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbir tashkilotchilari barcha yurtdoshlarimizni, har bir kitobxonni mo‘jizalar makoni bo‘lmish kutubxonaga tashrif buyurishga chaqirdi.

Chindan ham, kitob o‘qish nafaqat insonning bilim va tafakkurni boyitadi, balki uning dunyoqarashini kengaytiradi va o‘zligini anglashiga yordam beradi. O‘zbekistonda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va ommalashtirishga katta e’tibor berilmoqda, bu esa jamiyatning ma’naviy taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Tadbir davomida mehmonlar – Oybek mahallasi xotin-qizlar faoli Nargiza Xolboyeva, tuman Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi mutaxassisi Zarifa Soatboyeva, Axborot-kutubxona markazi mutaxassisi Gulasal Qo‘chqorova, tuman Madaniyat bo‘limi xodimi, O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi tuman kengashi raisi, xalq deputatlari tuman kengashi deputati Oybekjon Begimovlar so‘zga chiqib, “Kitobsevar millat” g‘oyasi va butun xalqimizni kitobxonlikka keng jalb qilishning ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdilar.

Aytish joizki, yoshlarni kitobxonlikka jalb qilish ularning ma’naviy va intellektual rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Kitob mutolaasi kelajagimiz egalarining dunyoqarashini kengaytirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini shakllantirish va ularni turli yot g‘oyalardan himoya qilishda asosiy omil hisoblanadi. Shu sababli ham mamlakatimizda aholi, xususan yoshlarni kitobxonlikka jalb qilish ishlari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan va bu borada bir qator ijtimoiy va ma’rifiy tashabbuslar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Prezidentimizning beshta muhim tashabbusi doirasida ham yoshlarning kitobxonlikka qiziqishini oshirish va ularning madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan. Bundan tashqari, davlat organlari va jamoat tashkilotlari tomonidan ham kitobxonlikni rivojlantirishga qaratilgan turli loyihalar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz bo‘ylab “Kitobsevar millat” shiori ostida har yili o‘tkazib kelinayotgan Respublika kitobxonlik haftaligi ham bu e’tiborning yorqin namunasidir.

Qolaversa, Prezidentimizning kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish va targ‘ib qilishga oid farmoyishi bu boradagi sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Tadbir so‘ngida deputat Oybek Begimov tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirib, esdalik sovg‘alarini topshirdi. Tadbirda Amudaryo muhandislik texnikumida kutubxonashunoslik mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar faol ishtirok etishdi. “Kitobsevar millat” shiori ostida IV Respublika kitobxonlik haftaligi va mazkur haftalik doirasidagi tadbirlar yurtimizning barcha axborot-kutubxona markazlari va kutubxonalarida davom etmoqda.

Rohatoy Romanova, tuman axborot-kutubxona markazi bibliografi