Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 72-sessiyasi to‘g‘risida axborot

Туман янгиликлари

2024 yil 25 aprel kuni Amudaryo tumani hokimligi binosida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi – 72-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada tuman hokimi o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, bo‘limlar, tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyani Xalq deputatlari tuman Kengashi raisining o‘rinbosari G‘ulomjon Yeshniyozov ochdi va olib bordi. Sessiya kotibligiga 2-Chordara saylov okrugidan deputat Muyassar Rahmatullayeva saylandi.

Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala yuzasidan tuman hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jaligi, ekologiya va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Yernazarov hisobot berdi. Hisobotda “Tashabbusli budjet”ning joriy yilgi 1-mavsumida ovoz berish yakunlariga ko‘ra eng ko‘p ovoz to‘plagan 12 ta tashabbus g‘olib deb topilib, ushbu tashabbuslarni moliyalashtirish uchun budjetdan jami 15 mlrd 820 mln so‘m ajratilgani qayd etildi.

Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Faxriddin Yusupov hisobot berdi. Hokim o‘rinbosari deputatlarga hududiy investitsiya dasturining bajarilishi, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qabul qilingan Prezident farmonlarining ijrosi hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berdi.

Kun tartibidagi navbatdagi masala muhokamasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Amudaryo tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Anvar Orazbayev hisobot berdi. Hisobotda Xalq qabulxonasi tomonidan sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, murojaatlar bilan ishlash, ijtimoiy va boshqa obyektlarda aniqlangan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyatini tizimli o‘rganish bo‘yicha 2024 yilning birinchi choragi davomida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

Sessiyada tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamaladdin Yusupov Amudaryo tumanida 2024 yilning o‘tgan 3 oyi davomida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularning profilaktikasini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Hisobotda hududlar kesimida jinoyatchilik darajasi tahlil qilinib, kelgusida huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Deputatlar “2024 yilda tuman aholisini, ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash to‘g‘risida”gi masalani ham ko‘rib chiqdi. Ushbu masala yuzasidan “Amudaryotumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi Oybek Madaminov, Amudaryo tumani elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i Jasurbek Salayevlar hisobot berdi.

Hisobotlarda mas’ullar iste’molchilarning tabiiy gaz va elektr energiyasiga bo‘lgan talabini uzluksiz ta’minlash, texnologik yo‘qotishlar hajmini kamaytirish, tarmoqlarni ta’mirlash, tejamkor texnologiyalarni joriy qilish, yangi iste’molchilarni tarmoqqa ulash bo‘yicha 2024 yilga rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumotlar berdi.

Sessiya so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida hokimlik zaxira yer fondi hisobidagi umumiy maydoni 401,6 gektar bo‘lgan ekin maydonlarini “e-auksion” elektron platformasiga qo‘yish masalasi muhokama qilindi. Ushbu masala bo‘yicha tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Ilhom Polvonov axborot berdi.

Kun tartibidagi barcha masalalar deputatlar tomonidan muhokama qilinib, xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.