Korrupsiyaga qarshi kurashish – davr talabi

Korrupsiya har qanday davlat va jamiyat rivojiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xavfli omil, barcha mamlakatlarga tahdid soluvchi murakkab ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hodisadir. Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashishni biz, eng avvalo, o‘zimizdan boshlashimiz darkor. Buning uchun esa shaxsning huquqiy ong va huquqiy madaniyati yetarli darajada shakllangan bo‘lmog‘i darkor. Buni yosh avlod ongiga chuqur singdirish, huquqiy bilimini oshirish maqsadida Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining 2024-yil 29-aprel kungi 544-sonli buyrug‘i asosida 2024-yil 30-aprel kuni tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida 82-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida "Biz korrupsiyaga qarshimiz!" mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi. O‘quvchilar tomonidan yozilgan insholarni hay’at a’zolari odilona baholab, g‘oliblarni aniqladilar.

Unga ko‘ra 40-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi Qurbonboyeva Ozoda faxrli 1-o‘rin, 62-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi Sharipova Mashhura faxrli 2-o‘rin va 27-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi Safarbayeva Ravshanoy faxrli 3-o‘rin sohibi bo'ldilar. Ushbu g‘oliblarni taqdirlash marosimida Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Ya.Shamuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisi Sh.Babanazarova, tumandagi 82-sonli maktab direktori Z.Axmanov va Amudaryo tumani Maktabgacha va makab ta’limi bo‘limi inson resurslarini boshqarish bo‘yicha inspektor-metodist-korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mas’ul xodim G.Jumaniyazova ishtirok etdilar va tanlov g‘oliblariga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alarni topshirdilar.

G.Jumaniyazova, Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi
inson resurslarini boshqarish bo‘yicha inspektor-metodisti-
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mas’ul xodim.