“TIL – MILLIY G‘URURIMIZ”

Тадбирлар

Yakunlanayotgan haftadan 21 oktabr – O‘zbek tili bayrami keni mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlandi. Navbatdagi lavhamiz sana munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlardan biri xususida.

Har bir millatning o‘z ona tili ma’naviy boyligidir. Chunki til millat ruhi, madaniyati, turmush tarzini aks ettiradi.

1989 yilning 21 oktabri mamlakatimiz tarixida unutilmas sana  bo‘lib qoldi. Boisi shu kuni ona tilimizning huquqiy asoslarini belgilab beruvchi “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, unga ko‘ra o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi.

2020 yilning 10 aprelida esa 21 oktabr sanasini o‘zbek tili bayrami sifatida belgilash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 1-moddasida belgilab qo‘yildi.

Ushbu sana har yili  mamlakatimizda keng nishonlanadi, o‘zbek tilining huquqiy maqolmini belgilashda bosib o‘tilgan qiyinchiliklar, o‘zbek tilining boy imkoniyatlaridan foydalanish uchun bugungi kunda yaratilgan sharoitlar, ona tilimizning jamiyatdagi mavqeini, maqomini yuksaltirish borasida, ona tilimizning sofligini saqlash, uni yosh avlodga chuqur o‘rgatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar keng e’tirof etiladi.

O‘zbek tili bayrami munosabati bilan shu yilning 21 oktabrida tumanimizdagi 38 umumiy o‘rta ta’lim maktabida maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilari va tuman Madaniyat bo‘limi xodimlari hamkorligida tashkil etilgan “Til – milliy g‘ururimiz” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy kechada ham ona tilimizning go‘zalligi, jozibasi va juda boy ekanligi, ona tilimizni asrash, rivojlantirishga hissa qo‘shish – millatimizning yuksalishiga zamin yaratishi xususida batafsil so‘z yuritildi.

Tadbirda maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilari, tuman Madaniyat bo‘limi xodimlari, “Milliy tiklanish” partiyasi tuman Kengashidan vakillar qatnashdilar.

Tadbirni maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nilufar Tojimurodova ochdi. Dastlab maktab ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari ona tilimizning har birimizning hayotimizdagi o‘rni, shuningdek, mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi singari qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramzi ekanligi, millat ko‘zgusi ekanligi xususida ma’ruzalar qildilar, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning mustaqillikka erishish yo‘lida muhim qadam bo‘lganligini ta’kidladilar.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan til bayrami kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy kecha o‘quvchilar ijrosidagi ona tilimizni ulug‘lovchi she’rlar, sahna ko‘rinishlari bilan davom etdi.

Shuningdek, taniqli xonandalar Anvar Xudoyberganov, Murodjon Ibragimov va Rashid Rahimov, Sevinchoy Mavlonberganovalar ijro etgan qo‘shiqlar, maktab badiiy havaskorlari ijro etgan raqslar barchaga yuqori kayfiyat baxsh etdi.

Tuman Madaniyat bo‘limi xodimi Nasiba Eshchanova ssenaiysi asosida o‘tkazilgan “Til – millat ko‘zgusi” deb nomlangan tadbir barchada chuqur taassurotlar qoldirdi.

O.RAJABOVA.