Ehtiyojmand oilalar farzandlariga qishki kiyim-bosh berildi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda kam ta’minlangan oilalar, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlarining umumta’lim muassasalarida kuni uzaytirilgan guruhlarda o‘qishini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2021 yilning 16 avgustida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kam ta’minlangan oilalar farzandlarining umumta’lim muassasalaridagi kuni uzaytirilgan guruhlarda o‘qishini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan ijtimoiy himoya va har tomonlama ko‘makka muhtoj oilalar farzandlarining bilim olish imkoniyatlari yanada kengaytirildi.

4 noyabr kuni Amudaryo tumani Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi binosida tuman hokimligi tashabbusi bilan kam ta’minlangan oilalar farzandlariga qishki kiyim-bosh berildi.

Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, sektorlar rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, tuman Xalq ta’limi bo‘limi mas’ullari ishtirok etdilar.

Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev so‘zga chiqib, mazkur xayrli ish tumanimizdagi ehtiyojmand oilalarni yanada qo‘llab-quvvatlash, kam ta’minlangan oilalar farzandlarining sifatli va tizimli umumiy o‘rta ta’lim olishiga amaliy yordam berish, moddiy jihatdan qiynalgan oilalar farzandlarini qishki kiyim bilan ta’minlanishiga yordam berish maqsadida amalga oshirilayotganini ta’kidlab, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim olayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj o‘quvchilardan 60 nafariga qishki kiyim-boshlarni taqdim etdi.

Bu xayrli ishda tumanimizdagi eng ilg‘or va tashabbuskor tadbirkorlardan biri Tamara Yusupova rahbarlik qilayotgan “Tamara tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatining hissasi katta bo‘ldi. Jamiyat tomonidan o‘quvchilarga beriladigan qishki kiyim-boshlar sifatli, qulay hamda zamonaviy urfda tayyorlangan.

Shu o‘rinda aytish kerakki, bugungi kunda tumanimizda Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 85 ta umumta’lim maktablari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularda 37 ming 965 nafar o‘quvchilar ta’lim-tarbiya olib kelmoqdalar. O‘quvchilarning qish mavsumida sifatli ta’lim-tarbiya olishlari uchun umumta’lim maktablarida keng ko‘lamli kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari olib borildi. Ta’lim maskanlari binolaridagi mavjud kamchiliklar aniqlanib, ularni mavsumga tayyorlash bo‘yicha qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Maktablarni qishki mavsumda issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlash choralari ko‘rildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan mas’ullar so‘nggi yillarda yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor hamda yoshlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishlari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, shart-sharoitlar xususida to‘xtalib, o‘quvchi yoshlarni ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanib, ustozlari berayotgan bilimlarni chuqur egallashga, yurtimizga munosib farzand bo‘lishga chorladilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.