YANGIOBOD VA BOYOVUL MAHALLA FUQAROLAR YIG‘INLARI UCHUN YANGI MA’MURIY BINOLAR QURILIB, FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

Туман янгиликлари

YaNGIOBOD VA BOYOVUL MAHALLA FUQAROLAR YIG‘INLARI UChUN YaNGI MA’MURIY BINOLAR QURILIB, FOYDALANIShGA TOPShIRILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevral kungi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va hamda 2020 yil 18 fevraldagi “Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori bilan fuqarolar yig‘inlari oldida turgan asosiy vazifalar va ularning faoliyat yo‘nalishlari belgilab berildi.

Mazkur farmon va qarorlar fuqarolar yig‘inlari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarishda, fuqarolar yig‘inlari xodimlari uchun munosib sharoitlar yaratishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Amudaryo tumanidagi Yangiobod va Boyovul mahalla fuqarolar yig‘inlari shu kungacha o‘z ma’muriy binosi yo‘qligi sababli boshqa tashkilot binolarida ijara asosida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Yig‘in ma’muriyati, qolaversa, mahalla ahli uchun qulaylik yaratish maqsadida mazkur mahalla fuqarolar yig‘inlariga davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida yangidan bino qurib berildi.

4 dekabr kuni Yangiobod va Boyovul mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun bunyod etilgan yangi binolarning ochilish marosimi o‘tkazildi. Marosimda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Sag‘indiq Turmanov, tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Alisher Yuldashev, bo‘lim boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muqaddas Beknazarova, nuroniylar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Boltaboyev, fuqarolar yig‘ini xodimlari va mahalla faollari hamda bir guruh nuroniylar ishtirok etishdi.

Yangiobod mahalla fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosi “Viktoriya xolding”, mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy loyihalar asosida qurib bitkazildi. Loyiha qiymati 260 mln so‘m bo‘lgan mazkur bino qisqa fursat ichida, sifatli tarzda bunyod etildi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar yig‘ilganlarni va mahalla ahlini yangi binoning foydalanishga topshirilishi bilan qutladilar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri tomonidan Yangiobod mahalla fuqarolar yig‘iniga kompyuter sovg‘a qilindi.

Binoda fuqarolar yig‘ini raisi va o‘rinbosarlari, kotibi va boshqa a’zolari, yig‘in huzuridagi komissiyalar uchun maxsus xonalar mavjud bo‘lib, binoning mahalla hududida, aholiga yaqin joylashgani barcha uchun birdek qulaylik yaratadi.

Boyovul mahalla fuqarolar yig‘inining binosi “Norboy Mebel” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurib bitkazildi. Qurilish ishlariga 260 mln so‘m mablag‘ sarflandi.

Binoning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Sag‘indiq Turmanov, tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Alisher Yuldashev va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda fuqarolar yig‘inlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahallaning jamiyatdagi nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidlab o‘tdilar.

Tadbir davomida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi tomonidan har ikkala, ya’ni Yangiobod va Boyovul mahalla fuqarolar yig‘inlariga jami 14 mln 480 ming so‘mlik, har bir mahallaga 3 ta jamlanmadan iborat mebel to‘plamlari topshirildi.



Har ikkala mahallada bo‘lib o‘tgan yangi ma’muriy binolarining ochilish marosimida qatnashgan fuqarolar yig‘ini xodimlari va mahalla faollari zamonaviy uslubda qurilgan binoda ishlash uchun barcha sharoitlar yaratilganligini, bu yerda faqat sidqidildan ishlash kerakligini aytib o‘tishdi va bunday sharoit yaratib bergan Prezidentimizga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga, tuman hokimiga hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga, quruvchilarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.

Dildora ABDURAHMONOVA.