Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 42-sessiyasi to‘g‘risida AXBOROT

Туман янгиликлари

2021 yil 15 dekabr kuni Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi – 42-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya majlisida tuman Kengashi deputatlari, hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, bo‘limlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiya kotibligiga 8-Bo‘ston saylov okrugidan deputat Maxsud Sadullayev saylandi.

Sessiya kun tartibiga “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 noyabrdagi 20-sonli qarori ijrosi to‘g‘risida”gi hamda “Amudaryo tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli maktablarda bo‘sh (vakant) direktor lavozimiga o‘tkazilgan tanlov yakunlari bo‘yicha nomzodga kelishim berish to‘g‘risida”gi masalalar kiritildi.

Sessiya kun tartibidagi birinchi masala bo‘yicha tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Ilxom Palvanov hisobot berdi.

Hisobotda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 noyabrdagi 20-sonli qaroriga asosan fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va g‘alla ekinlaridan qisqartirilgan yerlar hisobidan jami 2242 gektar yer maydoni fuqarolarga 10 sotixdan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida berilishi belgilangan. 2022 yilda 897 gektar yer maydonini shunday tartibda ajratish ko‘zda tutilgan.

Hisobotda qishloq xo‘jaligida ishlab chiqaruvchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligini ta’minlash, pirovard natijada yer egalarining daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida keng turda ma’lumotlar berildi.

Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi tomonidan tumandagi 3-, 7-, 11-sonli maktablar direktorligi lavozimiga o‘tkazilgan tanlov yakunlari bo‘yicha tavsiya qilingan nomzodlarga kelishim berish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Deputatlar 3-sonli maktabi direktori lavozimiga nomzod Jetkerbay Ibragimov, 7-sonli maktabi direktori lavozimiga nomzod Atabek Xidirbayev va 11-sonli maktabi direktori lavozimiga nomzod Ulug‘bek Mamutovlarning kelgusi 3 yilda amalga oshiradigan ishlari bo‘yicha dasturlari bilan tanishdilar.

So‘ngra deputatlar orasidan sanoq komissiyasi a’zolari saylanib, ochiq ovoz berish natijalariga ko‘ra 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga Jetkerbay Ibragimovni, 7-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga Atabek Xidirboyevni, 11-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga Ulug‘bek Mamutovni tayinlash to‘g‘risidagi tavsiyalarga kelishim berish haqida xalq deputatlari tuman Kengashining qarori qabul qilindi.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilinib, shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.

Tuman hokimligining axborot xizmati.