Prokuratura organlari xodimlari kuni oldidan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Prakuratura organlari vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, hokimlar va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan qonunlarning ijro etilishi ustidan nazorat qiluvchi organ hisoblanadi. Prokuratura organlari tomonidan jamiyatda qonuniylikni mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, umuman, barcha yo‘nalishlarda salmoqli ishlar qilinmoqda va muhim natijalarga erishilmoqda.

Mamlakatimizda ushbu organ faoliyatini tashkil etish, qo‘llab-quvvatlashga doir bir qancha huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilingan. Xususan, 1992 yil 8 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu sana prokuratura organlarida xizmat qiladigan barcha xodimlar, jumladan, faxriylar qalbidagi orzu-umidlar ro‘yobga chiqqan sanadir. 2016 yildan buyon 8 yanvar prokuratura organlarining kasb bayrami sifatida keng nishonlanib kelmoqda.

Shu munosabat bilan ayni kunlarda Respublikamizning barcha hududlarida prokuratura organlari tomonidan bayramoldi targ‘ibot tadbirlari, insholar tanlovlari, konferensiyalar o‘tkazilmoqda.

Shunday tadbirlardan biri 23 dekabr kuni Amudaryo tumanidagi 9-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Amudaryo tumani prokurori Javlonbek Muftullayev, tuman hokimining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Mahmud Shermetov, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Alisher Yo‘ldashev, Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Akmal Ismoilov, Yoshlar ishlari agentligi Amudaryo tuman bo‘limi boshlig‘i Jasur Davletov hamda muassasa rahbarlari, tegishli tashkilot mas’ullari, umumta’lim maktabi o‘quvchilari qatnashdilar.

Tadbir avvalida Amudaryo tumani prokurori Muftullayev Javlonbek so‘zga chiqib, mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar natijasida prokuratura isloh qilinib, jazolovchi organ emas, balki tom ma’noda inson huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlovchi idoraga aylanganini, butun faoliyat tizimli muammo va kamchiliklarni aniqlab bartaraf etishga yo‘naltirilayotganligini, prokuratura organlari xodimlari xalq bilan bevosita muloqot qilib, ularning muammolarini joyida hal etishayotganligini ta’kidlab o‘tdi. Bu boradagi ishlar ayniqsa, prokurorlarning o‘zlari biriktirilgan sektorlardagi faoliyatlarida yanada yaqqol namoyon bo‘layotir.



Shuningdek, sektor rahbarlari ham so‘zga chiqib, prokuratura xodimlari tomonidan tumanda qonun ustuvorligini ta’minlash, adolatni qaror toptirish borasida qilinayotgan ishlar alohida e’tirofga sazororligini va bu borada tinimsiz mehnat qilayotgan xodimlarning o‘rni katta ekanligini alohida ta’kidladi.

Tadbirda kelgusida huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ishlashni niyat qilgan o‘quvchilarga tavsiyalar berildi.

Shundan so‘ng, tumandagi kam ta’minlagan oilalarning 50 nafar bolalariga prokuratura tomonidan Yangi yil sovg‘alari topshirildi.

Tadbir yakunida mutassaddi tashkilot rahbarlari hamda ishtirokchilar prokuratura organlari xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, oliyjanob xalqimizning haqiqiy himoyachisi, adolat va qonuniylik posboni bo‘lib, xalq manfaati yo‘lida sidqidildan xizmat qilishlarida muvafaqqiyatlar tiladilar.

Fotima Eshimbetova