Yoshlar yetakchilari yangilanayotgan O‘zbekistonning obro‘si, nufuzini oshirishga hissa qo‘shadi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodning sifatli ta’lim olishi, ilmli, salohiyatli bo‘lib voyaga yetishlariga sharoit yaratishga doir  ko‘pgina islohotlar amalga oshirilayotir.

Joriy yilning 19 yanvarida Prezidentimiz qabul qilgan “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini  tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq endilikda yoshlar muammolari  bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini oshirish maqsadida har bir shaharcha, ovul, mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi.

Yoshlar yetakchilarining zimmasiga mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, milliy xalq o‘yinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, Besh muhim tashabbus loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidorli, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish, ularning intellektual jihatdan kamol topishini ta’minlash kabi mas’uliyatli vazifalar yuklangan.

Shuningdek, huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan yoshlarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga ko‘maklashadi.

Mahallalarda joriy etilgan yoshlar yetakchisi lavozimiga tayinlanganlar hududlarda yoshlarning  tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirishda, ular faoliyatiga kredit, subsidiya va boshqa yordam choralarini jalb qilishda hokim yordamchisi bilan hamkorlik qiladi. Yetakchi tavsiyasi asosida moddiy ahvoli qiyin yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun bir martalik moddiy yordam, ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarga 12 oygacha turar joy ijarasi kompensatsiyasini qoplash uchun subsidiya, psixologik masalahatga muhtoj yoshlarga ixtisoslashgan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan pullik psixologik xizmat ko‘rsatilishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun subsidiya, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tash badalini to‘liq qoplash uchun subsidiya, mamlakatimizdagi professional va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj iqtidorli yoshlarning to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha qoplash uchun subsidiya ajratilishi mumkin.

Qarorda qayd etilishicha, mahallada yoshlar siyosatini samarali amalga oshirishga erishgan yoshlar yetakchilari har chorak yakunida moddiy-ma’naviy rag‘batlantiriladi. “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoni bilan ham o‘z faoliyatini namunali tashkil etgan, o‘zining shaxsiy fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan yetakchilar taqdirlanadi.

Yoshlar bilan ishlash tizimidagi bu o‘zgarishlar yangilanayotgan O‘zbekistonning nufuzini yana ham oshirishga xizmat qiladi.

Jasur DAVLЕTOV, Yoshlar agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i.