Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 45-sessiyasi to‘g‘risida axborot

Туман янгиликлари

2022 yil 21 yanvar kuni Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 45-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya majlisida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tuman Kengashi deputatlari, sektor rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, huquq-tartibot organlari mas’ullari, bo‘limlar, tijorat banklari rahbarlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Sessiyani tuman hokimi, xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Sultonboy Yo‘ldashev kirish so‘zi bilan ochdi va olib bordi.

Sessiyada dastlab tuman darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyoti holatini o‘rganish to‘g‘risida tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i Mo‘minjon Matyusupovning axboroti tinglandi.

Axborotda keltirilishicha, idora va tashkilot rahbarlari fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashda va xodimlarning mehnat huquqlariga rioya qilishda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlari sababli tuman Adliya bo‘limi tomonidan ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan 2021 yilda 12 ta taklif berilgan.

Bo‘lim tomonidan 2021 yil davomida jami 65 ta idora va tashkilotlarda 21 ta o‘rganish va 47 ta monitoringlar o‘tkazilgan. E’tiborlisi, o‘tkazilgan o‘rganish va monitoringlar davomida jami 7830 ta qonun buzilish holatlari aniqlangan.

Shundan so‘ng “Sudlar tomonidan fuqarolar huquqlari va erkinliklarini, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish hamda odil sudlovni amalga oshirishga doir 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqildi.   Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi raisi Jasur O‘razbayev kun tartibidagi masala bo‘yicha axborot berdi.

Axborotda o‘tgan yil davomida ko‘rib chiqilgan jinoyat ishlari va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek sessiya ishida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Amudaryo tumanidagi Xalq qabulxonasining 2021 yil davomida tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlari faoliyati, murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan axboroti to‘g‘risida”gi masala ham ko‘rib chiqildi. Mazkur masala yuzasidan tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajapovning axboroti tinglandi.

Axborotda qayd etilganidek, 2021 yil davomida tuman Xalq qabulxonasiga aholidan kelib tushgan 1 ming 10 ta murojaatlarning 834 tasi, ya’ni 82,6 foizi ijobiy hal qilingan.

Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tumandagi 18-sonli maktab direktorligi lavozimiga o‘tkazilgan tanlov yakunlari bo‘yicha tavsiya qilingan nomzodga kelishim berish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Deputatlar nomzod Yeshbayeva Surayyo Ziyatbayevaning maktabda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish borasida kelgusi 3 yilda amalga oshirishni rejalashtirgan dasturi bilan tanishdilar. Shundan so‘ng ochiq ovoz berish yo‘li bilan nomzodga kelishim berish to‘g‘risidagi masala bo‘yicha qaror qabul qilindi va nomzod Surayyo Yeshboyeva 18-sonli maktab direktori lavozimiga tayinlandi.

Bundan tashqari, sessiya ishida Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilinib, ular yuzasidan ham qarorlar qabul qilindi. Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.

Tuman hokimligining axborot xizmati.