YOSHLAR BILAN UCHRASHUV O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizning ertagi kuni o‘sib kelayotgan yosh avlodning qanday insonlar bo‘lib kamolga yetishi bilan chambarchas bog‘liq. Shu boisdan ham ularning o‘z salohiyatlarini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda, chuqur ilm olib, ma’naviyatini yuksaltirishlari, tezkor davrimizga munosib bo‘lib voyaga   yetishlariga  ulkan e’tibor qaratilmoqda.

Tumanimizda yoshlarning to‘laqonli ilm olishlariga sharoit yaratish, ularning turmushidagi muammolarini aniqlash va bartaraf etish, ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash, orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘pgina sa’y-harakatlar olib borilmoqda, shu maqsadda tuman hokimining, sektorlar rahbarlarining, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlarining yoshlar bilan uchrashuvlari tashkil etilayapti.

 Ana shunday uchrashuvlardan biri shu yilning 26 yanvarida tuman hokimligi majlislar xonasida jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi raisi Jasur O‘razbayev, Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi Qayrulla Atamuratov, tuman prokurori yordamchisi Abbaz Niyazimbetov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi xodimi Sardor Ismoilovlar bilan o‘tkazildi.

Uchrashuvda Mang‘it shahri hududidagi mahallalar yoshlari hamda tumanimiz ovul va mahallalaridagi yangi tayinlangan yoshlar yetakchilari ishtirok etdilar.

Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, sud-huquq islohotlari jarayonida ularning faol ishtirokini ta’minlash, mamlakatimizdagi mavjud qonunlarga hurmat hissini kuchaytirish, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish maqsadida tashkillashtirilgan uchrashuvda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi Jasur O‘razbayev “Yoshlarni sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, yangiliklar bilan tanishtirish”, fuqarolik ishlari  bo‘yicha tuman sudi raisi Qayrulla Atamuratov esa “Oila muqaddas, uni avaylash hammaning burchi” mavzularida ma’ruza qildilar.

Shuningdek, uchrashuvda tumanimiz yoshlari orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, xususan, yoshlarning bandligini ta’minlash uchun  kasb-hunarga o‘qitish, oilaviy tadbirkorlikka jalb qilish, ishsizlarga ekin maydonlarini uzoq muddatga ijaraga berish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishlari uchun imtiyozli kreditlar berish yo‘lga qo‘yilganini, yoshlar bulardan samarali foydalanishlari lozimligi ham alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv ishtirokchilari mas’ullarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, atroflicha javoblar oldilar.

Shunisi e’tiborliki, mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang tarzda takomillashtirilib borilmoqda.

Oygul RAJABOVA