PROBATSIYA NAZORATIDAGI 4 NAFAR MAHKUM MUDDATIDAN ILGARI OZOD ETILDI

Туман янгиликлари

Probatsiya nazorati ostidagi ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilingan shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, ularning bandligini ta’minlash, o‘qishga va ishga joylashtirish, nazorat ostidagilarga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish, eng asosiysi, shaxsni  tarbiyalash kabilar borasida samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

26 yanvar kuni Yangiobod mahalla fuqarolar yig‘ini binosida Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi nazoratidagi mahkumlarga doir ish bo‘yicha sayyor sud o‘tkazildi. Ushbu sayyor sudda Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi Jasur O‘razboyev, tuman prokurori yordamchisi Abbaz Niyozimbetov, Ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi katta inspektori Ruslan Iskandarovlar qatnashdilar. Sudda tuman ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi tomonidan 6 nafar mahkumga nisbatan kiritilgan taqdimnomalari ko‘rib chiqildi.

Mahkumlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra 2 yil 6 oy muddatga 10 foiz axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilingan. Ushbu shaxs Probatsiya nazoratida turib, jazoni o‘tash tartib va qoidalariga to‘liq amal qilib, axloq tuzatish ishlari jazosining uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini, ya’ni 10 oy 10 kun muddatini o‘tagan.

Keyingi mahkum esa 1 yil 6 oy muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, Jinoyat Kodeksining tegishli moddasiga ko‘ra, 3 yil muddatga 30 foiz axloq tuzatish ishlari jazosiga sudlangan. Probatsiya guruhi nazoratiga olinganidan so‘ng, tegishli tartib-qoidalarga amal qilib, xulqi yaxshi tomonga o‘zgargan va o‘z qilmishining oqibatini anglab yetgan.

Mahkumlardan yana biri O‘zbekiston Respublikasi JKning 177-moddasi 2-qismi bilan 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga sudlangan. Mahkum tuman Ichki ishlar bo‘limiga o‘tgan yili hisobga qo‘yilgan va jazoni o‘tash qoidalari, belgilangan cheklovlarga amal qilish tartiblari tushuntirilgan. Jazoni o‘tash davrida o‘zining jinoiy qilmishlarini to‘liq anglab yetib, tuzalish yo‘liga qatiy o‘tib, belgilangan cheklovlarga to‘liq amal qilgan ushbu shaxs ham tayinlangan ozodlikni cheklash jazosining uchdan bir qismidan ko‘proq muddatini o‘tagan.

Taqdimnoma asosida ishi sudda ko‘rilayotgan navbatdagi mahkum O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga sudlangan. Ushbu mahkumning qamoqda saqlangan davri o‘tagan deb hisoblanib, o‘tash uchun 3 yildan ziyod muddat belgilangan va tuman Ichki ishlar bo‘limiga hisobga qo‘yilgan. Unga ham jazoni o‘tash qoidalari, belgilangan ta’qiqlarga amal qilish tartiblari tushuntirilgan. Mahkum jazoni o‘tash davrida o‘zining jinoiy qilmishlarini to‘liq anglab yetib, tuzalish yo‘liga qatiy o‘tgan va belgilangan cheklovlarga to‘liq amal qilgan.

Shunga ko‘ra tuman ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi tomonidan ushbu mahkumlarni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod kilish masalasini ko‘rib chiqish uchun sudga taqdimnoma kiritilgan. Sud ishi davomida mahkumlarning belgilangan jazodan to‘g‘ri xulosa chiqarganini inobatga olindi va Probatsiya guruhi taqdimnomasi qanoatlantirildi. Taqdimnomaga asosan 4 nafar mahkum o‘talmagan jazosini o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.

 Sayyor sud majlisida jinoyatining oqibatlarini to‘la anglab, axloqan tuzalish yo‘liga o‘tgan va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod etilgan 4 nafar mahkum xalqimizga xos bag‘rikenglik bilan qilmishlari kechirilgani uchun davlatimizga minnatdorlik bildirdi. Jamiyatda o‘z o‘rnini topib, munosib xulq-atvorda bo‘lish va yurtimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘shishga qatiy so‘z berdilar.

Jasur O‘razboyev, Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi.