Daraxtlar va butalarning kesilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda

Туман янгиликлари

Ma’lumki, 2021 yil 30 dekbr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.

Qarorga muvofiq tuman Ekologiya bo‘limi tomonidan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan qimmatbaho daraxtlar va butalarning kesilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tumandagi korxona va tashkilotlar, fermer xo‘jaliklari va aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘tkazilmoqda.

26 yanvar kuni O‘rta qal’a ovulida yashovchi aholi o‘rtasida kelgusida daraxtlarning noqonuniy ravishda kesilishiga, qirg‘ovul, kabutar kabi qushlarning ovlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda tuman Ekologiya bo‘limi boshlig‘i Nurbek Uzakbayev tomonidan atrof-muhitga zarar yetkazmaslik, ko‘chatlar sonini ko‘paytirish, noyob turdagi hayvonlarni ovlamaslik bo‘yicha aholiga keng tarzda tushintirishlar berildi.

Tadbirda tuman inspektorlari tomonidan nazorat reyd tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazilib kelinayotganligi, qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi ogohlantirildi.

Shundan so‘ng, tuman hokimligining kichik majlislar zalida tumandagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda tuman Ekologiya bo‘limi boshlig‘i Nurbek Uzaqbayev fermerlarga murojaat qilar ekan, har bir fermer o‘z hududidagi atrof-muhit tozaligini saqlashga, fuqarolarning tabiatga zarar yetkazmasliklari uchun javobgar ekanligini ta’kidladi. Hamda tuman fermer xo‘jaliklari rahbarlaridan bu boradagi kafolot xatlari olindi.

Shuningdek yig‘ilishda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida qirg‘ovullar sonining kamayib ketishi sababli Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan qabul qilingan qaror muhokama qilindi. Qarorga asosan, 2022-2023 yillarda Respublika hududida qirg‘ovullarni ovlash qat’iyan man etildi.

Yig‘ilishda qayd etib o‘tilganidek, Davlat ekologiya qo‘mitasiga 2022 yil 1 dekabrga qadar Ekologik kodeks loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi. Kodeksni keng jamoatchilik, ilmiy-tadqiqot institutlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb etgan holda ishlab chiqish belgilangan. Shu sababli qonun loyihasini ishlab chiqishda fuqarolarning takliflari, fikr-mulohazalari muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Shuningdek, qonunchilikka muvofiq endilikda noqonuniy daraxt kesish holatlarini suratga olib yuborgan fuqarolarga ham bir martalik mukofot puli to‘lanadi.

Respublika miqyosida Prezidentimiz farmoni asosida “Yashil maydon” aksiyalari tashkil etilib, yashil maydonlar soni ko‘paytirilgan bir vaqtda, daraxtlarning noqonuniy ravishda kesilishi katta xato hisoblanadi.

Darhaqiqat, tabiatning o‘zi zargarga o‘xshaydi. Uning bag‘ridan unib chiqqan har bir giyoh, har bir daraxt, o‘rmonlar, hayvonot olami o‘ziga xos bir olamdir. Bu tabiiy boylikka daxl qilinishining oldini olish, muhofaza qilish faqat shu soha xodimlarining ishi emas, balki barchaning burchidir. Chunki, biz yashayotgan hudud musaffoligi, ekologik muvozanat barchamizga birday daxldordir.

F.Eshimbetova