PROKUROR VA YOSHLAR UCHRASHUVI DAVOM ETMOQDA

Туман янгиликлари

27 yanvar kuni Amudaryo tumanining Yangiobod mahallasi hududidagi 40-sonli maktabda prokuror va yoshlar uchrashuvi tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda tuman prokurori Javlonbek Muftullayev, tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajapov, Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi raisi Sardor Ismoilov hamda Yangiobod, Do‘stlik mahallalarida istiqomat qiluvchi 35 nafar faol yoshlar qatnashishdi.

Sayyor qabul tarzida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad, yoshlarning huquqiy salohiyatini yanada oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, muammolarini tinglash va ijobiy hal etilishiga ko‘maklashishdan iboratdir.

Uchrashuvda Javlonbek Muftullayev yoshlarga qarata murojaat qilar ekan, mamlakatimizda yoshlarning yuksak marralarni egallashlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, cheksiz imkoniyatlar mavjudligi haqida to‘xtalib, yoshlarni o‘qib bilim olishga, shijoat bilan olg‘a intilishga chorladi. Hamda suhbat davomida yoshlarning prokuratura organlari faoliyatiga doir qiziqtirgan savollariga misollar bilan javob qaytardi.

Erkin muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda yosh avlod vakillari tuman prokuroriga o‘z rejalari, maqsad va intilishlarini bayon etishdi. O‘z navbatida tuman prokurori bugungi kunda yoshlarning yanada faol bo‘lishiga va kelgusida mamlakat ravnaqiga munosib hissa qo‘shishlari uchun hayotiy tajribsidan kelib chiqib, o‘z taklif va maslahatlarini berdi.

Tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajapov esa bugungi kunda yoshlarni qiynayotgan muammo va kamchiliklar bilan murojaat qilishlarida hech qanday to‘siqlar yo‘qligini, qabul qilingan murojaatlar albatta, ijobiy natijalar berishini aytib o‘tdi.

Faol yoshlardan Mansurbek Allamberganov yuqoridagi so‘zlarning tasdig‘i sifatida Oliy o‘quv yurtida ta’lim olishi uchun kontrakt pulining 30 foizini qoplab berishda amaliy yordam berganligi uchun tuman prokuroriga minnaddorlik bildirdi.

Shundan so‘ng yoshlardan kelib tushgan murojaatlar tinglandi. Murojaatlar mazmuni asosan imtiyozli kredit olish, bandlik, yer ajratilishi masalalarida bo‘ldi.

Bundan tashqari, Oliy ta’lim muassasasida ta’lim oluvchi faol yoshlardan biri Xursand Ortiqboyevning “Yoshlar kelajagi” telegram - boti ishlab chiqilishi bo‘yicha bildirgan taklifi qabul qilindi. Hamda tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlardan biri, Daston Muradovga “ye-auksion” orqali yer olish tartibi bo‘yicha tushinchalar berib o‘tildi.

Uchrashuv davomida yoshlardan 6 ta murojaat va takliflar kelib tushdi. Qabul qilingan murojaatlar ijrosi tez orada hal qilinish ma’lum etildi. Uchrashuv so‘ngida tuman prokurori yoshlarga kelajakdagi ishlariga omad tilab, tuman prokuraturasi doimo yoshlar bilan birga ekanligi, idora eshiklari yoshlar uchun hamisha ochiq ekanligini ta’kidladi.

F.Eshimbetova