PRЕZIDЕNT QARORI SUD HIMOYASINI MUSTAHKAMLASHGA XIZMAT QILADI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda sud hokimiyatining haqiqiy ma’nodagi mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash va odil sudlovni amalga oshirish, xalqning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Islohatlar natijasida ma’muriy sudlarning ochilishi muxim qadam bo‘lib, oldin O‘zbekiston sud tizimida mavjud bo‘lmagan fuqarolarning va yuridik shaxslarning davlat boshqaruv organlari, idoraviy normativ hujjatlar ustidan sudga shikoyat qilish, bir so‘z bilan aytganda, fuqarolar ma’muriy organlar qarorlarining qonuniyligi yuzasidan nizolashadigan bo‘ldi. Ma’muriy sudlar tomonidan fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlarini buzuvchi ma’muriy organlar qarorlarini haqiqiy emas deb, ma’muriy organlar mansabdor shaxslarining xatti harakatlarini qonunga xilof deb topilib kelindi.
Prezidentimizning «Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi» PQ-107-sonli qarori qabul kilinishi ma’muriy sudlar faoliyatini mustahkamlovchi muhim hujjat bo‘ldi.
Qarorning qabul qilinishi bilan fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini huquqbuzuvchi ma’muriy organlarning hujjatlari haqiqiy emas deb, ma’muriy organ mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini qonunga xilof deb topib gina qolinmasdan, mazkur qaror, xatti-harakat (harakatsizlik) oqibatida buzilgan huquqlar qonunda belgilangan barcha usullarda tiklanadi. Shu maqsadda huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizo bilan birga uning oqibatida kelib chiqqan zararni undirish talabi bilan ham ma’muriy sudga taqdim etishi va bunday talablarni ko‘rib chiqish ma’muriy sudlar vakolatiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, qarorda ma’muriy sud ishlarini yuritish  «sudning faol ishtiroki» tamoyili asosida amalga oshirilishi, ya’ni ma’muriy sudlar ishning haqiqiy holatlarni aniqlash uchun o‘z tashabbusi bilan dalillarni yig‘ish majburiyatini yuklash, huquqi buzilgan tarafning esa dalillarni yig‘ishda imkoniyat darajasida ishtirok etishiga sharoit yaratishi belgilangan. Bundan ma’muriy organlarga o‘z qarorlarining, mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarining qonuniyligini isbotlab berish majburiyatini yuklanadi.
Sud qarorlari o‘zining ijrosi bilan ahamiyatlidir. Lekin  amaliyotda ma’muriy organlar tomonidan hamma vaqt ham sud qarorlarining ijrosini to‘liq ta’minlamayotganligi ko‘plab fuqarolar va tadbirkorlarning noroziliklarini keltirib chiqarmoqda. Prezidentimiz qarori bilan ma’muriy sudlarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda ularga ta’sir chorasi sifatida sud jarimalarini qo‘llash, davlat organlari  yoki tashkilotlari tomonidan ommaviy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha hal qiluv qarorining takroran ijro qilinmaganligi davlat organlari yoki tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan dastlab qo‘llanilgan sud jarimasini oshirilgan miqdorda qo‘llanishi muammoning yechimi bo‘ladi. Natijada fuqarolar va tadbikorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini tiklash haqidagi sud qarorlarining to‘liq ijro qilinishiga erishiladi.
 Xulosa o‘rnida aytish joizki,  davlatimiz rahbarining qarori ma’muriy sudlarning bugungi demokratik jamiyatda inson qadrining ulug‘lanishida o‘rni ahamiyatlidir. Sudlar tomonidan qonunda belgilangan barcha usullardan foydalanib fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining barcha huquqlarining himoya qilinibgina qolmasdan, to‘liq tiklanishini kafolatlovchi muhim hujjat bo‘lib xizmat qiladi.  

R.Xudayberganova,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining sudyasi.