HAMJIHATLIKDA QILINGAN MЕHNATDA BARAKA BO‘LADI

Туман янгиликлари

Inson dunyoda mehnat bilan ulug‘ martabalarga erishadi. Keyingi yillarda Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev  tashabbusi bilan agrar sohaga, xalqimizning rizqi butun, dasturxoni to‘kinligi yo‘lida yozning jaziramasi-yu, qishning qahratonida ham tinmay fidoyilik qiladigan qishloq xo‘jaligi mehnatkashlariga ulkan e’tibor qaratilmoqda. Qishloq  xo‘jaligi xodimlari kuni belgilangani, agrar sohada faoliyat yuritayotganlar uchun ko‘krak nishonlari ta’sis etilgani ham shular jumlasidandir.

Men “Qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan kunimni hayotimning eng yorqin kunlaridan biri bo‘ldi, deya olaman. Mehnatlaring e’tirof etilishi odamga yana ham kuch-quvvat bag‘ishlaydi. 2004 yilda “Bog‘i eram” fermer xo‘jaligini tashkil etgan edim. Shundan beri nomi bir necha marta o‘zgardi. Biroq har yili ekin maydonlardan mo‘l hosil yetishtirib kelayapmiz.

Tilsiz zamin bag‘riga urug‘ qadab, hosil undirish oson emas. Buning uchun yerning tilini bilish, omilkorlik  kerak, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish lozim. Yana dehqonlarda yil-yilga o‘xshamaydi, degan  ibora bor. Bu goh qurg‘oqchilik, goh namgarchilik yuqori bo‘lsa-da, hosil undirishning chorasini qilish kerak, degani.

Biz xo‘jaligimiz a’zolari bilan hamjihatlikda qilgan mehnatlarimiz tufayli 2021 yilda ham dehqonchilikning barcha turlari bo‘yicha rejalarimizni ortig‘i bilan ado etdik va mahsulot yetishtirish xarajatlari, ish haqlaridan tashqari, 500 milliondan ziyod sof daromad oldik. 34 gektar yerdagi bug‘doydan 60-70 sentnerdan hosil yetishtirdik. Paxta maydonlarimiz hosildorligi gektariga 36-45 sentnergacha bo‘ldi.

Xo‘jaligimizda dehqonchilikdan olinayotgan daromadlarimizdan yangi texnikalar xarid qilayapmiz. Hozir yerlarni tekislashdan tortib, ekish, parvarishlash, hosilini  yig‘ishtirib olishgacha bo‘lgan barcha ishlarda o‘z texnikalarimizdan foydalanamiz. O‘tgan yilgi daromadimizdan lazer qurilmali yer tekislagich agregatini xarid qilganimiz tufayli ekin maydonlarimiz 100 foiz tekislandi va sug‘orishga tayyorlandi. Bundan tashqari, ekin maydonlarimizni suv tejovchi texnologiyalar  yordamida sug‘orish choralarini  ko‘rayapmiz. 100 tonnalik sig‘imli muzlatkich omborxonamizda 2 gektarlik bog‘imizda yetishtirilgan mevalar, shuningdek, sabzavotlar saqlanayapti. 8 nafar mexanizator, 40 nafar pudratchilarimizning oylik ish haqlari doimo o‘z vaqtida hisob-kitob qilib borilayapti.

O‘tgan yili xo‘jaligimizning 14 gektar g‘alladan bo‘shagan yerida  pudratchilarimizga va hududimizdagi 20 ta kam ta’minlangan oilalarga takroriy ekin ekib berdik. Ehtiyojmand 10 ta oilani otaliqqa olib, vaqtida moddiy-ma’naviy qo‘llab kelayapmiz.

Fermer xo‘jaligini boshqarishdan tashqari, mana uch yildirki, tuman Dehqon, fermer va tomorqa yer egalari Kengashiga ham raislik qilib kelayapman. Kengashimiz tomonidan tumanimiz aholisini tomorqa yerlardan samarali foydalanish targ‘ib etilib, bu borada qat’iy nazorat ham olib borilayapti, ularga dehqon, fermer xo‘jaliklariga zarur tavsiya va ko‘rsatmalar ham berilayapti. Mehnatlarimiz mahsulini yurtdoshlarimiz dasturxonida ko‘rish ham ulkan baxt.

Ilhom POLVONOV, tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi,

“Qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni sohibi.