2021 yil yakuni bo‘yicha tumanda barcha toifadagi xo‘jaliklarda 171,5 ming bosh qoramollar bor

Туман янгиликлари

Amudaryo tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi tomonidan chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari va aholi ixtiyoridagi qoramollar hamda boshqa uy hayvonlarining turli mavsumiy kasalliklarga chalinish holatlarining oldini olishga qaratilgan rejaviy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limida 28 nafar malakali mutaxassislar faoliyat olib borishmoqda. Hududlardagi viterinariya bo‘linmalarida 18 nafar veterinariya mutaxassislari ish yuritishmoqda. O‘tgan 2021 yil davomida bo‘lim tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan belgilangan reja-tadbirlari asosida chorva mollarini kasalliklarga qarshi emlash ishlari olib borildi. Xususan, 50 ming 950 bosh yirik shoxli, 12 ming 787 bosh mayda shoxli qoramollar brutsellyoz kasalligiga, 177 ming 35 bosh mayda shoxli, 108 ming 810 bosh yirik shoxli qoramollar, 2 ming 576 bosh eshak kuydirgi kasalligiga hamda 77 ming 185 bosh yirik shoxli va 23 ming 630 mayda shoxli qoramollar oqsil kasalligiga qarshi emlandi.

Qishloq xo‘jaligi hayvonlarini har xil parazitar kasalliklarga qarshi cho‘miltirish bo‘yicha samarali ishlar olib borilib, 162 ming 342 bosh yirik shoxli va 1 ming 148 bosh mayda shoxli mollarda cho‘miltirish va terisini tozalash ishlari amalga oshirildi.

Tumanida 2021 yil barcha toifadagi xo‘jaliklarda 171,5 ming bosh qoramollar mavjud bo‘lib, shundan 49,1 ming boshi sigirlardan iborat. Xususan, chorvachilik xo‘jaliklarida hozirgi vaqtda jami 4,1 ming bosh qoramollar mavjud bo‘lib, shundan 1,7 ming boshi sigirlardir.

O‘tgan yilda tumanimizda nasldorlikni oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijasida nasldor mollarni ko‘paytirish, naslini yaxshilash, samaradorligini oshirish, iqlim sharoitiga moslashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Amalga oshirilishi rejalashtirilgan chorvachilik loyihalari hisobidan chet davlatlardan mahalliy sharoitga moslashuvchan 485 bosh naslli qoramollar olib kelinib, parvarishi yo‘lga qo‘yildi. Natijada tumanimizda yil davomida chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish salmog‘i oshdi, barcha toifadagi chorvachilik xo‘jaliklarida tirik vaznda 10.1 tonna go‘sht, 35,3 tonna sut mahsulotlari yetishtirildi.

Ozuqabop ekinlarini joylashtirish, chorvachilik ozuqa bazasini mustahkamlash hamda yerlardan samarali foydalanish maqsadida o‘tgan 2021 yilda chorvachilik xo‘jaliklariga ajratilgan 1 ming 514 gektar asosiy maydonlarga, jumladan, 482 gektarga beda pichani uchun, 361 gektarga ko‘k massa uchun, 252 gektar yerga silos uchun makkajo‘xori, 168 gektar oq jo‘xori, 85 gektar yerga xashaki lavlagi ekinlari turlari ekildi.

Chorvachilik xo‘jaliklari tomonidan 2021 yilda ekilgan ozuqabop ekin maydonlarida belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish hisobiga jami 10280 tonna ozuqa birligi yaratilib, 2276 tonna beda pichani, 982 tonna beda ko‘k o‘t massasi, 396 tonna xashaki lavlagi, 979 tonna oq jo‘xori doni, 733 tonna oq jo‘xori poyasi, 4915 tonna silos uchun yashil makkajo‘xori poyasi yetishtirilib, bu ozuqabop ekinlarning asosiy qismi takroriy ekin sifatida ekildi. Shuningdek, “Polvonvoy ovuli” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 1,5 tonna ozuqabop mahsulot yetishtirishga mo‘ljallangan zamonaviy gidroponika sexi ishga tushirilib, qoramollarning ozuqa bazasini mustahkamlash imkoni yaratildi.

Amudaryo tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi xodimlari iqtisodiyotimiz rivoji va xalqimiz farovonligiga hissa qo‘shish yo‘lida samarali mehnat qilmoqdalar.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.