HOKIM VA YOSHLAR UCHRASHUVI BO‘LIB O‘TDI

Туман янгиликлари

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz taraqqiyoti va forovonligi eng avvalo yoshlarga bog‘liq degan so‘zlari bugun barcha yoshlarning diqqat markazida. Zero, bugungi yoshlarning shijoati, g‘ayrati boshqacha. Ular yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashab, ilm va kasb-hunar sirlarini o‘rganishga astoydil harakat qilmoqdalar. Shu ma’noda yoshlarning muammo va takliflarini tinglash, ijobiy yechim topish maqsadida tumanimiz bo‘ylab “Hokim va yoshlar uchrashuvlari” tashkil qilinmoqda.

2 fevral kuni tumanimizdgi Qipchoq ovul fuqarolar yig‘ini binosining majlislar zalida faol yoshlar bilan “Hokim va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, hokim o‘rinbosari Mahmud Shermetov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Amudaryo tumanidagi Xalq Qabulxonasi mudiri Erkin Rajapov hamda tegishli muassasa-tashkilot mas’ullari qatnashishdi.

Uchrashuv rasmiyatchilikdan holi ochiq va samimiy ruhda bo‘lib o‘tdi.

Tuman hokimi dastlab mahallalarda endigina ish boshlagan yoshlar yetakchilarining vazifalari haqida so‘z yuritib, bundan buyog‘iga yoshlarning muammo va takliflarini tashkilot rahbarlariga yetkazishda yoshlarning vakili bo‘lishi, shuningdek, yetakchilar doimiy ravishda hokim yordamchilari bilan hamkorlik qilishini qayd etib o‘tdi.

Tuman hokimi yoshlarga murojaat qilar ekan, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan keyingi yillarda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilganligi, yoshlar faoliyatiga doir muhim qaror va farmonlar, qonunlar qabul qilinayotgani va unda yoshlarning ham takliflari o‘rin olayotganligi, yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tiborning namunasi ekanligini aytib o‘tdi.

Uchrashuvda tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajapov tomonidan Vatan kelajagi faqat yoshlar qo‘lida ekanligi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muammolarini hal qilish uchun tumanimizdagi barcha mutasaddi tashkilot rahbarlari mas’ul ekanligi aytib o‘tildi. Shuningdek, yoshlar uchun tuman Xalq qabulxonasi eshiklari doimo ochiqligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng yoshlar tuman xokimiga o‘z muammo va takliflari bilan murojaat qildi. Uchrashuvda yoshlar tomonidan turli mazmundagi murojaatlar kelib tushdi. Joyida hal qilish imkoni bo‘lgan murojaatlar, taklif va tashabbuslar yuzasidan yoshlarning talablari qanoatlantirildi. Atroflicha o‘rganishni taqozo etadigan dolzarb masalalarni hal etish yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi hamda aloqador muassa-tashkilot idoralariga muddatlar belgilanib, topshiriqlar berildi. Murojaat va savollar barobarida uchrashuvda ishtirok etgan yoshlar tuman hokimiga o‘z takliflarini ham berishdi.

Bugun O‘zbekistonda yuksak ma’naviyatli avlod tarbiyalanmoqda. Bugungi yoshlarning ong-u shuuri, dunyoqarashi ham o‘zgargan. Yoshlarimiz orasida yangicha o‘ylaydigan, innovatsion g‘oyalarini amalga tatbiq eta oladigan kuchlar borligi bizni quvontiradi.

Tuman hokimi yoshlarga murojaat qilib, bugun amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarining barchasi yoshlar uchunligini, yoshlar o‘z ustida doimiy ishlab, hamisha yuqori marralarni zabt etishga intilishlari lozimligini ta’kidladi.

Hokim bilan uchrashuv barcha yoshlar dilida o‘zgacha taassurot qoldirdi.

Tuman hokimligining axborot xizmati