O‘zLiDeP tuman Kengashi apparati rahbari tadbirkorlar faoliyati bilan tanishdi

Туман янгиликлари

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Amudaryo tumani Kengashi tomonidan partiya elektoratini qo‘llab-quvvatlash, partiyaning maqsad va vazifalarini keng jamoatchilikka yetkazish, ayni kundagi olib borayotgan faoliyati haqida xabardor qilish maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 2 fevralida partiya tuman Kengashi apparat rahbari Madamin Kazakov Qilichboy ovulida bo‘ldi va ovul fuqarolar yig‘ini raisi Bahrom Qodirov bilan hududdagi tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashdi, tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berib, ularning muammo va takliflarini tingladi.

Dastlab mas’ullar tadbirkor Jo‘shqin Jumamurodovning ishlari bilan tanishdilar. U shifer, tunukafon mahsulotlari ishlab chiqarish bilan birga maishiy texnikalar bilan savdo qiluvchi do‘kon faoliyatini ham yo‘lga qo‘ygan, ya’ni o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni o‘z do‘konlarida sotadilar. Bu bilan tadbirkor 8 nafar hamqishlog‘ini ish bilan ta’minlandi.

Hududdagi yana bir tadbirkor Dilbar Begmurodova non va non mahsulotlari ishlab chiqarish bilan  shug‘ullanadi. Ovuldagi barcha oshxonalar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, aholini issiq va xushta’m non, buxanka, patir kabi nonlar va non mahsulotlari bilan ta’minlayotgan tadbirkorning ham, u jalb etgan yordamchilarning ham qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Buyurtmalar ham shunga yarasha bo‘layapti.

Nonvoyxona faoliyati bilan tanishgan mas’ullar tadbirkorga faoliyatini kengaytirishi mumkinligi, buning uchun imtiyozli kreditlar mavjudligi, tadbirkorlik qilib xalqimizning koriga yarab kelayotganlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida tushuntirdilar, partiyaning tuman Kengashi ularni doimo qo‘llab-quvvatlashini bildirdilar.

Hududdagi yana bir tadbirkor Qo‘chqorboy Norimov o‘z tomorqasida issiqxona tashkil etib, qishda ham yoz ne’matlarini yetishtirayapti. O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi tuman Kengashi apparat rahbari Madamin Kazakov, ovul fuqarolar yig‘ini raisi Bahrom Qodirovlar issiqxonada ayni kunda barra piyoz yetishtirilib, bozorlarimizga  chiqarilayotgani, bu bilan tomorqachi el dasturxoni to‘kinligiga munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidlashdi.

Yetishtirilgan hosil sotib bo‘lingach, o‘rniga hozirda uy sharoitida ekib qo‘yilgan ertagi sabzavotlar ko‘chirib o‘tqaziladi va parvarish qilinadi. Issiqxona faoliyati bilan tanishgan odam agar xohish bo‘lsa, mehnat qilinsa, issiqxona ulkan daromad manba ekanligini anglaydi. Chunki issiqxonada yetishtiriladigan bodring, pomidor, bulg‘or qalampiri kabi ertagi ekinlar ko‘chatlariga doimo xaridor topiladi. Bu bilan tadbirkor o‘z oilasi farovonligini ta’minlabgina qolmay, bozorlarimiz to‘kinligiga ham munosib hissa qo‘shadi.

Tadbirkor – yurtimizga madadkor, degan ibora bejiz aytilmagan. O‘z mehnatlari bilan o‘zlarining turmushini obod etib, yurtimiz taraqqiyotiga ham munosib hissa qo‘shayotgan ishbilarmonlar tumanimizda ko‘p. Ularga munosib sharoitlar yaratish, qo‘llab-quvvatlash, yanada ulkan marralarga rag‘batlantirishda tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi tuman Kengashi doimo bosh-qosh bo‘lmoqda.

Oygul Rajabova