ASKARLAR IMTIYOZLI TAVSIYANOMA UCHUN TЕST TOPSHIRDI

Туман янгиликлари

Harbiy xizmatni o‘tash har bir o‘g‘lon uchun muqaddas burch va g‘ururdir. Bu yo‘nalishda vatan himoyachilariga, jumladan muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarga qator imkoniyat va imtiyozlar yaratilgan. Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi joriy qilingani ham shular jumlasidandir.

Amudaryo muhandislik texnikumida tumandagi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda muddatli harbiy xizmat burchini o‘tayotgan yigitlar uchun test sinovlari o‘tkazildi.

Test jarayonlari Davlat test markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, Amudaryo tumani hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq test jarayoni adolatli va shaffof tazda o‘tkazildi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, tavsiyanomalar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha yuksak natijalarga erishgan, zaruriy bilim saviyasiga ega, namunali harbiy intizomini namoyon etgan eng munosib harbiy xizmatchilarga beriladi.

 Amudaryo muhandislik texnikumi binosida bo‘lib o‘tgan mazkur test sinovida muddatli harbiy xizmatchilarning jangovar, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik dasturlarini o‘zlashtirganlik darajasi, matematika, fizika fanlari bo‘yicha bilimi, shuningdek, mantiqiy fikrlash qobiliyati sinovdan o‘tkazildi.

Kelgusida aniq maqsadlarni oldiga qo‘ygan o‘g‘lonlar berilgan imkoniyatdan unumli foydalanishga, bor bilimini ishga solib, berilgan savollarga to‘g‘ri va aniq javob berishga harakat qilishdi.

Davlat test markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi xodimlari test jarayoniga alohida mas’uliyat va javobgarlik bilan yondashib, zamonaviy videokuzatuv moslamalaridan foydalangan holda imtihonning shaffof va haqqoniy o‘tishini kuzatib bordilar.

Yana bir jihat, imtiyozli tavsiyanoma berishda askarlarning harbiy xizmat mobaynida jangovar, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik fanlaridan olgan baholari, hizmatda erishgan yutuqlari, namunali hulqi, vazifalarni alo darajada bajarganligi ham e’tiborga olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolar respublikaning oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra o‘zlari to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladilar. Qolaversa, oliy harbiy ta’lim muassasalaridan tashqari respublikaning barcha oliy ta’lim muassasalari bakalavriatura yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun qabul parametrlaridan tashqari ajratiladigan alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladilar.

Quroli Kuchlarimiz safida xizmat qilayotgan har bir o‘g‘lon bizning faxrimiz va g‘ururimizdir. O‘z yigitlik burchini o‘tab, oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirayotgan yoshlar esa yurt taraqqiyoti va xalq farovonligiga yanada ko‘proq hissa qo‘shishi shubhasiz.

Fotima Eshimbetova