TUMAN ICHKI ISHLAR BO‘LIMI BOSHLIG‘I SЕKTOR HUDUDIDA YOSHLAR BILAN UCHRASHDI

Туман янгиликлари

4 fevral kuni Amudaryo tumanining Kuyuk-ko‘pir ovul fuqarolar yig‘ini binosida 3-sektor rahbari, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Xudoyberganov, Xalq qabulxonasi tuman bo‘limi mudiri Erkin Rajapov hamda tumanda faoliyat yuritayotgan muassasa, tashkilot vakillari va yoshlar ishtirokida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi.

Bugungi kunda Kuyuk-ko‘pir ovulida yashovchi aholining 1 ming 417 nafarini yoshlar tashkil qiladi. O‘tkazilgan mazkur uchrashuvda Ulug‘bek Xudoyberganov tuman hududida voyaga yetmagan va yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning oqibatlari, jinoyatlar sodir etilishiga imkon bergan omillar xususida gapirib, voyaga yetmagan va yoshlar jinoyatchiligiga qarshi kurashish, bu toifa shaxslar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida mahalla raislarining huquq-tartibot bo‘yicha o‘rinbosarlari va boshqa hamkor idoralar mas’ullari bilan birgalikda profilaktik ishlarni yanada kuchaytirish yuzasidan yoshlarga o‘zining taklif hamda tavsiyalarini, mutasaddilarga topshiriq va ko‘rsatmalarini berdi.

Shuningdek, yoshlarni ma’daniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, ma’naviyatini yuksaltirish bugungi kundagi dolzarb vazifa ekanligini, bunda yoshlarning tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ularga barcha zarur tavsiya va amaliy yordamlar berilishini bildirib o‘tdi.

Ochiq va samimiy tarzda o‘tgan uchrashuvda sektor rahbari va sohaviy muassasa, tashkilot mas’ullari tomonidan yoshlarni qiynab kelayotgan muammo va takliflar tinglandi va atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda yoshlar tomonidan turli masalalardagi murojaat va takliflar kelib tushdi. Murojaatlar asosan bandlik, imtiyozli kredit olish, to‘lov-kontraktining bir qismi to‘lab berilishi, e-auksion tizimi orqali yer olish shartlari kabi masalalarda bo‘ldi.

Takliflarda Kyyuk-ko‘pir ovuli hududida maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etilishi zarurligi qayd etib o‘tildi. Sektor rahbari Ulug‘bek Xudoyberganov murojaatlar va takliflar yuzasidan idora mutasaddilariga aniq va manzilli topshiriqlar berib, ijrosi alohida nazoratga olinishi ma’lum qildi.

Tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajapov yoshlarni qiynayotgan murojaat va takliflar hech qachon javobsiz qolmasligini, imkon qadar ijobiy yechim topishini aytib o‘tdi.

Sektor rahbari yoshlarga oid har qanday muammo hal qilinishida mahalladagi yoshlar yetakchilari tashabbuskor va faol bo‘lishlari lozimligini, ular o‘zlari biriktirilgan mahallalardagi har bir yigit-qizning vakili bo‘lishini ta’kidladi.

Bundan tashqari, yurtimizdan ko‘plab fidoiylar yetishib chiqqanligini eslatib, ularga munosib avlod bo‘lishga barcha yoshlarni da’vat qildi.

 Yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan mazkur uchrashuv samimiy va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Ayni kunlarda tumanimizda sektor rahbarlari tomonidan o‘tkazilayotgan sayyor qabullar orqali yoshlar o‘z muammo va takliflarini hukumat rahbarlariga hech qanday to‘siqlarsiz yetkazib ijobiy javoblar olishmoqda.

Bunday sayyor qabullar orqali yoshlarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchi yanada ortmoqda va mustahkamlanmoqda deyishimiz mumkin.

Tuman hokimligining axborot xizmati