AMUDARYODA HAM MAKTABLARNING BOSHLANG‘ICH SINF O‘QUVCHILARIGA BЕPUL TUSHLIK BЕRISH YO‘LGA QO‘YILDI

Туман янгиликлари

Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi umumta’lim maktablarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul tushlik berilishi, buning uchun budjetdan yiliga 100 milliard so‘m ajratilishini ma’lum qilgan edi.  Shuningdek, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturiga ko‘ra ham 2022 yil 1 apreldan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1-4-sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Yurtimiz bo‘ylab barcha maktablarda an’anaviy tarzdagi ta’lim boshlangan 7 fevral kunidan Amudaryo tumanida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish boshlab yuborildi.

7 fevral kuni Amudaryo tumani hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Akmal Ismoilov va boshqa mas’ullar tumandagi 82-, 40-, 55-sonli maktablarda bo‘lib, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul tushlik tarqatish jarayoni bilan tanishdi.

Ta’kidlash joizki, tuman Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 85 ta umumta’lim maktablarida jami 13 ming 707 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim olishadi. Ulardan 1-sinf o‘quvchilar 3299 nafar, 2-sinf o‘quvchilari 3621 nafar, 3-sinf o‘quvchilari 3549 nafar, 4-sinf o‘quvchilari esa 3238 nafarni tashkil qiladi.

Tumandagi barcha umumta’lim maktablaridagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga qadoqlangan tayyor mahsulotlar keytering tashkiloti, ya’ni “AZUR KOMPAKT SERVIS” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ertalab  soat 9:00ga qadar yetkazib beriladi.

Maktab direktori keytering tashkiloti xodimidan tayyor mahsulotlarni tegishli tartib bo‘yicha rasmiylashtirib, qabul qilib oladi. Ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari boshlang‘ich sinf o‘quvchilarning kunlik davomatini oladi va aniq raqamlarni tayyorlab, kundalik.com saytiga kiritadi. Ro‘yxat maxsus jurnalga ham tushiriladi.

Olingan davomat bo‘yicha maktab direktori sinf rahbarlariga tayyor mahsulotlarini tarqatadi. Sinf rahbarlari tayyor taom mahsulotlarini idishlarda sinf xonalariga olib boradi. Tayyor mahsulotlar ro‘yxat bo‘yicha o‘quvchilarga tarqatiladi va sanitariya qoidalari, normalari, gigiyena normativlariga muvofiq o‘quvchilariga 3-darsdan so‘ng katta tanafus vaqtida tarqatiladi. Sinf rahbari o‘quvchilarning ovqatlanishini nazorat qiladi va maktab direktoriga hisobot beradi.

Maktab direktori tomonidan ham tuman Xalq ta’limi bo‘limi tegishli mutasaddi xodimlariga kunlik ma’lumotlarni berib boriladi.

Xalq ta’limi bo‘limi rahbari kunlik ma’lumotlarni tasdiqlangan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining “Sog‘lom ovqatlantirish va tibbiy xizmatni muvofiqlashtirish” bo‘limiga hisobot  berib boradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi esa kunlik ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining “Sog‘lom ovqatlantirish va tibbiy xizmatni muvofiqlashtirish” bo‘limiga kundalik hisobot  berib boradi.

Undan tashqari, olis hududlardagi maktablar va filiallarga bir haftalik tayyor mahsulotlar keytering tashkiloti tomonidan yetkaziladi. Shu o‘rinda aytish joizki, yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilar uyda ta’lim olayotgani sababli tayyor mahsulot bilan ta’minlanmaydi.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul tushlik tarqatilishi ularning sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi va darslarni yaxshi o‘zlashtirishlariga xizmat qilishi bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Zafar Abdullayev, tuman XTB ma’naviy-axloqiy tarbiya va ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish sho‘’ba mudiri.