TA’LIM TIZIMIGA AXBOROT TЕXNOLOGIYALARINI JORIY QILISHGA BAG‘ISHLANGAN SЕMINAR-TRЕNING O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Yurtimizda ko‘pgina sohalarda axborot texnologiyalari qo‘llanilib, ishdagi samaradorlik ortishiga erishilmoqda. Prezidentimizning 2020 yil 5 oktabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, ta’lim jarayonini boshqarishda qog‘oz shaklidagi hujjatlarni raqamlashtirish yordamida o‘qituvchilardagi ma’muriy yukni kamaytirish va o‘quv jarayonida shaffoflikni ta’minlash maqsadida tuman Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli barcha maktablarda “Elektron jurnal”, ya’ni kundalik.com tizimi joriy qilinmoqda.

8 fevral kuni shu munosabat bilan Xalq ta’limi vazirligidan tizimga mas’ul bo‘lgan metodist Feruza Meyliyeva hamda tuman Xalq ta’limi bo‘limi axborot texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislari tomonidan seminar-trening tashkil etildi.

Seminar-treningda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining direktorlari va o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari ishtirok etishdi. Seminarda “Elektron jurnal” tizimining afzalliklari, administratorlar va maktab rahbarlari tarafdan qilinishi kerak bo‘lgan ishlar amaliy ravishda ko‘rsatilgan holda o‘tildi.

Ushbu tizim joriy qilinishi natijasida maktablardagi qog‘oz ko‘rinishidagi jurnallar, kundaliklar yuritilishidan voz kechiladi. O‘quvchilar onlayn ravishda baholab boriladi. Sinf rahbarlari va o‘quvchilarning ota-onalari o‘rtasida ularning o‘zlashtirishi, hulqi haqida onlayn ravishda muloqot almashish imkoni paydo bo‘ladi. Ota-onalar ham farzandlarining darsga qatnashishini nazorat qilib borishadi.

Bunda tizimdan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida o‘qituvchilar uchun “Kundalik.Teacher”, ota-onalar uchun esa “Kundalik.Familiy” ilovalari ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu ilovalarda ishlash orqali endilikda o‘qituvchilarning va ota-onalarning vaqtini tejash imkoni yaratildi. Ushbu “kundalik.com” tizimi nafaqat ota-onalar balki maktab direktori, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarining ham bir qancha ishlarini osonlashtirib beradi va ortiqcha qog‘ozbozliklardan ozod qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Undan tashqari, o‘quvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari sinf, maktab kesimida elektron ravishda shakllanadi. Shuningdek, sinflar kesimida, maktab kesimida ham davomatlari shakllantirilib boradi.

Ushbu tizim orqali elektron jurnallarning o‘z vaqtida va bexato yuritilib borishi Xalq ta’limi bo‘limi va Xalq ta’limi vazirligi tarafidan onlayn ravishda “dashboard” orqali nazorat qilinadi. Ota-onalar uchun “Elektron jurnal” tizimiga a’zo bo‘lish narxi yiliga ayni vaqtda 8 ming 600 so‘mni tashkil qiladi.

    Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish kerakki, tumanda shu paytgacha ya’ni 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab, 9 ta maktabda “Elektron jurnal” tizimi joriy qilingan edi. Hozirgi kunda tizim o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatib, o‘qituvchilar ortiqcha qog‘ozbozlikdan xalos bo‘lishmoqda va tejalgan vaqtlarini ta’lim-tarbiyani kuchaytirishga sarflashmoqda. Ota-onalar ham o‘z farzandlarining o‘zlashtirish darajasini onlayn tarzda kuzatib, nazorat qilish imkoniga ega bo‘lishmoqda.

Seminar-trening davomida ishtirokchilar shu kabi ma’lumotlarga, “Elektron jurnal”, ya’ni “kundalik.com” tizimini yuritish bo‘yicha keng tushunchalarga ega bo‘ldilar. Mas’ullarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, kerakli javoblarni oldilar.

O.Xudoyberganova.