MUHTOJ XOTIN-QIZLARNI UY-JOY BILAN TA’MINLASH TARTIBI BЕLGILANDI

Туман янгиликлари

Bugungi kunda aholining kam ta’minlangan qatlami, ayniqsa, xotin-qizlarga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 6 dekabrdagi qarori  bilan noturar joylarda istiqomat qilayotgan, shuningdek, ota-onasidan yoki ularning biridan ayrilgan hamda yolg‘iz onasi, yolg‘iz otasi yoki boshqa shaxslar qaramog‘ida bo‘lgan voyaga yetgan, uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Qarorga ko‘ra, uy-joy sharoitini yaxshilash istagida bo‘lgan xotin-qizlar o‘zini o‘zi boshqarish organi yoki tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga so‘rovnoma-ariza bilan murojaat qiladi. Uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlashga ko‘maklashish komissiyasi har chorakda xotin-qizlarning uy-joyga ehtiyojmandlik darajasini o‘rganib chiqadi.

Uy-joyga muhtoj xotin-qizlar Komissiyaning tegishli qarori qabul qilingach, ko‘pi bilan 30 kundan oshmagan muddat ichida ijtimoiy uy-joylarga ijara huquqi asosida vaqtinchalik joylashtiriladi.

Bunda uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga ipoteka krediti bo‘yicha uy-joylarning hisoblangan qiymatining 15 foizi miqdorida boshlang‘ich badal to‘lab beriladi. Tuman hokimligi Komissiya qarori qabul qilingandan so‘ng, 20 kun ichida ijtimoiy uy-joyga joylashtiriladigan xotin-qizlar bilan eng ko‘pi 5 yil muddatga ijara shartnomasini tuzadi. Ijara shartnomasi tuzilgandan keyin 5 kun ichida ijtimoiy uy-joyni topshirish – qabul qilish dalolatnomasi tuziladi. Dalolatnoma tuzilgach, uy-joyga muhtoj xotin-qizlar 5 kun ichida ijtimoiy uy-joyga joylashtiriladi.

Ijtimoiy uy-joylar munitsipal mulk huquqi asosida tuman hokimligiga tegishli bo‘ladi va ular bo‘yicha alohida hisob yuritiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksa yoshdagi va o‘zi harakatlana olmaydigan shaxslar ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatidagi ijtimoiy uy-joylarga joylashtiriladi. Ijtimoiy uy-joydan foydalanganlik uchun ijara haqi uy-joy umumiy maydonidan kelib chiqib belgilanadi. Ijara shartnomasida belgilangan talablarga rioya etilishi yuzasidan har oyda bir marotaba monitoring olib boriladi.

Davron Pirmanov, “Madad” NNT tuman HMB bosh mutaxassisi.