SUD MAJLISIDA MA’MURIY NAZORAT O‘RNATISHGA DOIR ISH KO‘RILDI

Туман янгиликлари

Qonunga ko‘ra, sud tomonidan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan, og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan, har qanday qasddan qilingan jinoyatlar uchun ikki yoki undan ortiq marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxslarga nisbatan sud tomonidan ma’muriy nazorat o‘rnatiladi. Ma’muriy nazorat ostidagi shaxslarga nisbatan sud qarori asosida muayyan ma’muriy cheklovlar qo‘llaniladi.

Yaqinda Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi binosida sud majlisi o‘tkazildi. Unda “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan ayrim toifadagi shaxslar ustidan ma’muriy nazorat o‘rnatish tug‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talabidan kelib chiqib, tuman Ichki ishlar bo‘limi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasida hisobda turgan 4 nafar muqaddam sudlangan fuqarolarga nisbatan ma’muriy nazorat to‘g‘risidagi taqdimnomalariga asosan ish materiallari ko‘rib chiqildi.

Sud majlisida Jinoiy ishlar bo‘yicha tuman sudi mas’ullari, tuman Ichki ishlar bo‘limining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi boshlig‘i Orifjon Qosimov, profilaktika inspektorlari hamda voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar ishtirok etdilar.

Ma’muriy nazorat o‘rnatishdan maqsad, tumanimizda jinoyatchilikning oldini olish va qayta huquqbuzarliklar sodir etilishini kamaytirish, nazoratdagi shaxslar bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazib, ular tomonidan takroran jinoyat sodir qilinishining oldini olish hisoblanadi.

Ma’muriy nazorat bu sud tomonidan jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga qo‘llaniladigan cheklovlardan iborat tarbiyaviy ta’sir chorasidir. Ma’muriy cheklovlar sud tomonidan ichki ishlar organining taqdimnomasiga yoki nazorat ostidagi shaxsning yoxud uning vakilining arizasiga, shuningdek mehnat jamoasining, jamoat birlashmasining va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining iltimosnomasiga binoan nazorat ostidagi shaxsning turmush tarzi va xulq-atvori haqidagi ma’lumotlar inobatga olingan holda qisman bekor qilinadi.

Sud majlisida ma’muriy nazorat o‘rnatishning shu kabi tartiblari, belgilanadigan cheklovlar tanishtirib o‘tildi. Shuningdek, ma’muriy nazorat o‘rnatilgan 4 nafar shaxsga yashash joyidan tashqarida bo‘lish, muayyan joylarda bo‘lish, sud belgilagan hududdan ichki ishlar organining ruxsatisiz chiqish, alkogolli ichimliklar ichish ta’qiqlanishi, ro‘yxatdan o‘tish uchun har oyda bir martadan to‘rt martagacha ichki ishlar organiga kelishi kerakligi, nazorat qoidalari buzilgan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortilishi tushuntirildi.

Bundan tashqari sud davomida 7 nafar shaxsga huquqbuzarlik sodir qilgani uchun jarima jazosi tayinlanib, jazo muqarrarligi ta’minlandi.

Tumanimizda jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olishda tegishli davlat organlari va tashkilotlar bilan hamkorlikda profilaktik va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida tuman Ichki ishlar bo‘limi huqubuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inpektor-psixologlari tomonidan o‘quv muassasalari va ko‘ngilochar joylarda targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Bu kabi chora-tadbirlar tuman hududida jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olib, kamayishini ta’minlamoqda.

J.O‘razboyev, Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi.

O.Qosimov, tuman IIB HPB boshlig‘i.