NAVBATDAGI SIYOSIY-MA’RIFAT SOATI BO‘LIB O‘TDI

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi hamkorligida har haftaning juma kuni Respublikamizdagi barcha Vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, barcha tuman, shahar hokimliklari rahbar va mas’ul xodimlariga onlayn tarzda ciyosiy-ma’rifat soati o‘tkazib kelinmoqda.

Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida 11 fevral kuni hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, tumanimizda faoliyat yuritayotgan korxona, tashkilot rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ham navbatdagi siyosiy-ma’rifat soatida ishtirok etishdi.

Kun tartibida buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi islohotlari, shuningdek, bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, mahallalarda ish o‘rinlari yaratish va oilalar daromadini ko‘paytirishning yangi tizimi haqida so‘z yuritilib hafta davomida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati haqida ma’lumotlar berildi.

Siyosiy-ma’rifat soatida dastlab yurtimizda va xorijda ro‘y berayotgan voqealar bilan tanishtirib o‘tildi.

Shundan so‘ng Davlat boshqaruv akademiyasi professori Mansur Bekmuradovning Zahiriddin Muhammad Boburning davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi islohotlariga bag‘ishlangan ma’ruzasi tinglandi.

Ma’ruzada Zahiriddan Muhammad Bobur dunyo tarixida o‘ziga xos iz qoldirgan va buyuk imperiyalar tuza olgan 7 ta ulug‘ hukumdorlar qatoriga kirishi, Bobur imperiyasi 350 yildan ortiq vaqt davom etganligi bilan insoniyat tarixida eng uzoq hukum surgan davlat sifatida ajralib turishi qayd etildi.

Shuningdek, Boburning hind xalqini birlashtirish yo‘lidagi harakatlari, qarashlari va etiqodlari turlicha bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida tinchlikni saqlash va mustahkamlash, soliq bo‘yicha o‘tkazgan islohatlari, harbiy yurishlari, bugungi kun rahbarlariga o‘rnak bo‘la oluvchi fazilatlari haqida ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng mahallalarda ish o‘rinlarini yaratish va oilalar daromadini ko‘paytirishning yangi tizimi bo‘yicha, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi interaktiv xizmatlarini rivojlantirish sho‘basi mudiri Sherzod Atajanovning taqdimoti namoyish etildi.

Taqdimotda 2022 yil mobaynida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining ish bilan ta’minlanishi, hunarmandchilikni rivojlantirish dasturlari hamda hokim yordamchilarining mahallabay va xonadonbay ishlashda e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar yoritib berildi.

Shuningdek, siyosiy-ma’rifat soatida Adliya vazirligi bosh mutaxassisi Dilmurod Rajapov tomonidan hafta davomida qabul qilingan normativ huquqiy hujjatlarning mazmun mohiyati haqida keng tarzda ma’lumotlar berildi.

Har hafta o‘tkaziladigan siyosiy-ma’rifat soatlarida tumanimizdagi rahbar xodimlar, tegishli tashkilot vakillari ham qatnashib haftaning eng dolzarb yangiliklari, yangi qabul qilingan qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati bilan muntazam ravishda tanishib boradilar.

Tuman hokimligining axborot xizmati