Tumanimizning 2-sektori hududida Yoshlar forumi o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Yoshlar – har bir davlatning kelajagini, salohiyatini belgilovchi muhim ijtimoiy qatlam sanaladi. Zero, har bir jamiyatning holati, taqdiri va istiqboli unda yashayotgan yoshlarning salmog‘i, ma’naviyati va ongliligi darajasi bilan belgilanadi. Yoshlar jamiyatning ertangi kelajagi, uning faol a’zosi, ta’bir joiz bo‘lsa jamiyat ertasining munosib vorislaridir. Mazkur nuqtai nazarga ko‘ra yoshlar davlat va jamiyat tomonidan doimiy e’tiborda bo‘ladi.

Ushbu maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda, qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 10 fevral kuni tuman hokimligi, Amudaryo tuman turizm va sport bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi va boshqa ko‘plab hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Amudaryo tumanining 2-sektori hududidagi mahallalarida yashovchi yoshlar ishtirokida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida sport musobaqalari va sport tadbirlari o‘tkazildi.

Forum O‘rta qal’a ovuli hududidagi Mang‘it aylanma yo‘lida “Salomatlik uchun besh ming qadam” shiori ostida piyoda yurish marafoni va ertalabki badantirbiya mashqlari bilan boshlandi. Mazkur marafonga mahalla yoshlarining 500 nafardan ortig‘i qamrab olindi. Ma’lumot uchun, O‘rta qal’a ovul fuqarolar yig‘iida 14 ming 335 nafar yoshlar istiqomat qilishadi.

Shuningdek, hududdagi 64-sonli umumta’lim maktabida “Yosh kitobxon” ko‘rik tanlovi o‘tkazilib, unda tumanimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan yoshlar ishtirok etishdi va o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi.

Bundan tashqari, yoshlarni tadbirkorlik sohasiga jalb etish, ishbilarmonlik qobilyati bor yoshlarni erta aniqlash, ishsiz ayol-qizlarning kasb-hunar egallashlari uchun qiziqish uyg‘otish maqsadida o‘z tikuvchilik faoliyatini 2009 yilda boshlagan Tamara Yusupovaning tikuvchilik korxonasiga sayohat tashkil qilindi. Sayohat davomida ham oilasiga daromad keltirib, ham tuman iqtisodi yuksalishiga hissa qo‘shayotgan faol tadbirkor ayol yoshlarga tadbirkorlik bo‘yicha o‘z ko‘rsatma va tavsiyalarini berdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini va sportni targ‘ib qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bir vaqtda o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlar ertangi kun egalarining unib-o‘sishida katta ahamiyat kasb etadi, albatta. Ayniqsa, kelajak avlodni dunyoga keltiruvchi ayol-qizlarning o‘z hayotlarida sog‘lom turmush tarzini tadbiq etishi dolzarb masaladir.

Shu maqsadda, Amudaryo tumaniining Yangiobod mahallasi hududidagi 40-sonli umumta’lim maktabida ayol-qizlar ishtirokida voleybol musobaqasi o‘tkazildi. Keskin va murosasi ruhda o‘tkazilgan musobaqada 1-o‘rinni Kuyuk ko‘pir ovuli, 2- o‘rinni Tosh yop ovuli va 3-o‘rinni To‘lqin ovuli jamoalari egallashdi. Mazkur musobaqaga mahallalardan 64 nafar ayol-qizlar qamrab olindi.

Shundan so‘ng o‘g‘il va qiz bolalar ishtirokida kibersport, shaxmat va shashka bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilib, mazkur musobaqalarda 62 nafar yoshlar ishtirok etishdi.

Shuningdek yoshlar o‘rtasida sportning mini futbol turi bo‘yicha Farovon mahallasi hududidagi sun’niy qoplamali mini futbol maydonida musobaqa o‘tkazilib, musobaqada tumanimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 144 nafar mahalla yoshlari ishtirok etdi. Shiddatli va murosasiz kechgan jamoalar uchrashuvida 1- o‘rinni O‘rta qal’a, 2- o‘rinni Oq oltin ovuli yoshlari, va 3- o‘rinni Namuna mahallasi yoshlaridan iborat jamolar egallashdi.

Shundan so‘ng Do‘stlik mahallasi hududidagi Bolalar-o‘smirlar sport maktabi stadionida kamondan o‘q otish, tir, stol tennisi, WORKOUT, stritbol, yengil atletikaning 100 metrga yugurish turidan musobaqalar o‘tkazildi. Bu musobaqalarga jami 227 nafar yoshlar qamrab olinidi.

O‘tkazilgan musobaqa va tanlovlarda g‘oliblar tuman Turizm va sport bo‘limi tomonidan munosib ravishda taqdirlandi.

Jumladan, 1-, 2- va 3-o‘rinni egallagan 139 nafar g‘oliblarga Xorazm viloyatining Xiva shahriga, Respublikamizdagi Mo‘noq tumaniga, va Nukus shahridagi Savitskiy muzeyiga bir martalik sayohatga yo‘llanmalar berildi.

Bundan tashqari, forum doirasida tumandagi 92-02 harbiy qism qurol-aslahalarining ko‘rgazmasi, harbiy mashqlari, hududdagi gimnastika to‘garagi a’zolarining chiqishlari yoshlar e’tiboriga taqdim qilindi.

Ta’dbir tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan gala konsert dasturi bilan davom ettirildi. Konsert davomida “Gulhan yoqish” marosimi o‘tkazildi, bu esa barcha yoshlar dilida o‘zgacha tassurot qoldirdi. Marosimda tumandagi iqdidorli yoshlar tomonidan jonli ijrodagi kuy-qo‘shiqlar bilan yanada zavqli tarzda, ko‘tarinki ruhda davom etdi.

Kun davomida barcha o‘tkazilgan musobaqalar, tanlovlar, harbiy chiqishlar va konsert dasturlariga 2-sektor hududidan jami 1000 nafardan ortiq yoshlar jalb qilindi. Yoshlar forumi doirasida o‘tkazilgan musobaqalar, mahorat darslari, konsert dasturlari orqali yoshlar ko‘plab do‘stlar orttirish bilan birga bo‘sh vaqtlarini mazmunli tarzda o‘tkazishdi.

Tuman hokimligining axborot xizmati