QAROR MAZMUN-MOHIYATINI TARG‘IB ETISHGA BAG‘ISHLANGAN DAVRA SUHBATI BO‘LIB O‘TDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi sud-huquq tizimida ham islohotlar olib borilib, sud tizimini demokratlashtirish, sudlar faoliyatining shaffofligini ta’minlash, aholi bilan muloqotni kengaytirish va odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik rolini kuchaytirishga ulkan e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini himoya qilishda sudlarning ayniqsa, ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirishga, ularni fuqarolarning va tadbirkorlarning haqiqiy himoyachisiga aylantirishga harakat qilinayapti.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 29 yanvar kuni qabul qilgan “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga asos bo‘ladi.

Yaqinda Amudaryo tumani hokimligi majlislar zalida ushbu qaror mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Tuman Adliya bo‘limi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma’muriy sudi sudyasi Rahima Xudoyberganovalar hamkorligida tashkillashtirilgan davra suhbatida tuman hokimligi mas’ullari, siyosiy partiyalar tuman Kengashlari raislari, xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari va tumandagi korxona, muassasalar rahbarlari ishtirok etdilar.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma’muriy sudi sudsi Rahima Xudoyberganova kun tartibida mavzu yuzasidan ma’ruza qildi. U o‘z so‘zida keyingi yillarda sud-huquq sohasidagi islohotlar, xususan, u insonlarni jazolovchi emas, amalda qonuniy haq-huquqlarini himoya qiluvchi suyanchig‘iga aylanayotganini ta’kidladi. “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini himoya qilishda sudlarning, ayniqsa ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqarolar va tadbirkorlarning haqiqiy himoyachisiga aylantirish lozimligi vazifa qilib belgilanganligiga keng to‘xtaldi.

Buning uchun ma’uriy sud ishlarini yuritishni “sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida amalga oshirish, bunda ma’muriy sudlarga ishning haqiqiy holatlarini aniqlash uchun o‘z tashabbusi bilan dalillarni yig‘ish majburiyatini yuklash, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga dalillarni yig‘ishda faqat o‘z imkoniyati doirasida ishtirok etishga sharoit yaratish ham nazarda tutilganligi keng tushuntirildi.

Davra suhbatida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan ma’ruzachiga murojaat etib, batafsil javoblar oldilar, Ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbir ishtirokchilarning huquqiy bilimlarini oshirishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Oygul RAJABOVA./