Tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i tomonidan sayyor qabul o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Aholi bilan doimiy muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali mexanizmi va usullari joriy etilgani mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Odamlarning dardini eshitish, og‘irini yengil qilish yurtdoshlarimizning adolatga, davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilayotir.

Xususan, sektorlar rahbarlari va mutasaddi idora tashkilot vakillari tomonidan murojaatlarni joyiga chiqqan holda, sayyor qabullar orqali qabul qilish amaliyoti keng yo‘lga qo‘yilganligi xalqimizning davlat idoralariga nisbatan ishonchinining yanada ortib borishiga sabab bo‘lmoqda.

Joriy yil 14 fevral kuni O‘zbekiston mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 44-sonli umumta’lim maktabida faol yoshlar ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi. Qabulda tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Xudoyberganov, hamda o‘rinbosari Farxad Abdurahimov, tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajapov, shuningdek, tumanda faoliyat yuritayotgan tegishli tashkilot va korxona rahbarlari ishtirok etishdi.

Dastlab, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Xudoyberganov tomonidan mahalla raisi va mahallada faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchisiga jinoyatchilikning oldini olishda “mahallabay” va “xonadonbay” ish tashkil etish lozimligi haqida tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, yoshlar bilan muloqot jarayonida manzilli dasturlar va fuqarolardan ichki ishlar organlariga hamda rasmiy saytlarga kelib tushayotgan savollar va murojaatlar tahlili orqali yoshlar uchun bugungi kundagi dolzarb mavzular aniqlab olindi.

Qabulda ishtirok etgan 30 ga yaqin yoshlardan 10 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlar mazmuni asosan imtiyozli kredit olish, to‘lov-kontraktning bir qismi to‘lab berilishida amaliy yordam berilishi, e-auksion orqali yer olish tartibi, ta’lim krediti olish va boshqa maslalarda bo‘ldi.

Tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajapov esa murojaatlar hech qachon e’tibodan chetda qolmasligini, iloji boricha ijobiy yechim topishini ta’kidladi.

Shuningdek, yoshlar uchun, umumun tumanimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro uchun, tuman Xalq qabulxonasi eshiklari doimo ochiqligi, har bir fuqaro o‘z muammolari bilan bemalol murojaat qilishlari mumkinligini aytib o‘tdi.

Uchrashuv davomida yoshlardan kelib tushgan har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, tegishli sohaviy tashkilot rahbarlariga murojaatlarni o‘z vaqtida, adolatli va xolis ko‘rib chiqish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Bunday uchrashuvlarning o‘tkazilishi aholining turmush farovonligini yanada yaxshilash, eng muhimi muammolarni ijobiy hal etish orqali xalqni rozi qilish uchun xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

F. Eshimbetova