ZAMONAVIY ISSIQXONALARDAN SAMARALI FOYDALANISH MASALALARIGA BAG‘ISHLANGAN SЕMINAR BO‘LIB O‘TDI

Туман янгиликлари

Butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi dolzarb masala bo‘lib turgan hozirgi pandemiya davrida mamlakatimiz bozorlarining to‘kinligi, xalqimiz turmushi obodligi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish salmog‘i va sifati tobora ortayotgani natijasidadir.

Keyingi yillarda mamlakatimizda, shu jumladan tumanimizda ham zamonaviy issiqxonalarning yanada ko‘paytirilayotgani – qishloq aholisini ish bilan ta’minlashda va yilning hamma fasllarida turli sabzavotlar bilan bozorlarimiz to‘kinligiga erishishda muhim omil bo‘layotir.

Shu yilning 19 fevralida tumanimizning Oq oltin ovulida faoliyat yuritayotgan Anvar Xolimbetov rahbarligidagi “Oq oltin – Amudaryo” fermer xo‘jaligida yangidan 50 sotix maydondagi zamonaviy issiqxona o‘z faoliyatini boshladi.

Issiqxona 1 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga “Asaka innovatsiya fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishchilari tomonidan bunyod etildi.

Yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarga asoslangan issiqxonada kelgusida yil davomida pomidor, bodring, baqlajon, bulg‘ori qalampiri kabi ro‘zg‘orbop mahsulotlarni yetishtirib, xalqimiz dasturxoniga tortiq qilish rejalashtirilgan.

Issiqxona qurib bitkazilishi munosabati bilan bu yerda zamonaviy issiqxonalarda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarga tumanimizdagi to‘rtta sektor rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublika Prokurorining o‘rinbosari Aybek Shomurodov, qishloq xo‘jaligi mas’ul xodimlari, ovuldagi fermer xo‘jaliklari raislari, issiqxonalar egalari qatnashdilar.

Tadbirda zamonaviy issiqxonalar soni va ekin maydonlari hajmini ko‘paytirish, mahsulot yetishtirishni oshirish, issiqxonalarda yil davomida hosil olish amaliyotini joriy etish bo‘yicha fikrlar almashildi.

Mazkur fermer xo‘jaligining 154 gektar ekin maydonining mavjud. Shuning 30 gektariga 2022 yil hosili uchun g‘alla ekilgan. Qolgan maydonlarga paxta va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlari ekiladi.

Xo‘jalikda qator yillardan beri mahsulot yetishtirishning barcha turlari bo‘yicha belgilangan rejalar ortig‘i bilan ado etib kelinayapti. Olinayotgan daromadlar hisobidan esa yangi-yangi loyihalar amalga oshirilayapti. Shularning biri 50 sotixlik maydondagi elektr energiya va suv tejovchi texnologiyalari asosida qurilgan zamonaviy issiqxona bo‘lsa, yana biri 10 gektarlik hududda zamonaviy bog‘ barpo etilayapti.

Hozirgi kunda ushbu yerlar lazer qurilmasi yordamida tekislanib, bahorgi sug‘orishga tayyor qilib qo‘yilgan. Yerlar tobiga kelgach, iqlim sharoitimizga mos, hosildor mevalar ko‘chatlari olib kelib o‘tqaziladi. Buning uchun 220 million so‘m mablag‘ sarflanadi.

Seminar ishtirokchilari fermer xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdilar. Bunday ilg‘or loyihalar qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishda va aholi bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lishini ta’kidladilar.

Oygul RAJABOVA