O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Haitov tumanimizga tashrif buyurdi

Туман янгиликлари

Ma’lumki, 2020 yil 11 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.

 Mazkur qaror ijrosi bo‘yicha Amudaryo tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida 21 fevral kuni O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Haitov tumanimizga tashrif buyurdi.

Dastlab tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev bilan birgalikda “Rasulov Erkin asalchi” fermer xo‘jaligiga qarashli asalarichilik klasteri faoliyati bilan yaqindan tanishdi. 2019 yilda tashkil etilgan bu klasterda shifobaxsh va o‘ta foydali yantoq gulidan yuqori sifatli asal olish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu turdagi asal ichki bozorda juda xaridorgirdir. Ushbu klasterda har mavsumda asalarichilik qilish istagidagi ko‘plab yoshlar kasbga o‘qitilib, o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yishlari uchun asalari oilalari beriladi.

Aktam Haitov klaster faoliyati bilan tanishar ekan, yosh asalarichilarni o‘qitish va ishga jalb qilish borasida yo‘lga qo‘yilgan yangi tajribani qo‘llab-quvvatladi va Qoraqalpog‘iston Respublikasida asalarichilikni yanada rivojlantirish borasida o‘zining foydali taklif va tavsiyalarini berib o‘tdi.

Shundan so‘ng tumandagi mahallalarga biriktirilgan hokim yordamchilarinig faoliyati bilan tanishish maqsadida ular bilan uchrashdi.

Jumladan, O‘rta qala ovul fuqarolar yig‘iniga biriktirilgan hokim yordamchisi Hamza Haytimbetovning ish joyiga borib, ish sharoitlari, fermer va dehqon xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha ovul hududida amalga oshirayotgan ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Hokim yordamchisi o‘z mahallasidagi fuqarolar bilan birma-bir muloqotda bo‘lib qishloq xo‘jaligining turli yo‘nalishlarida tadbirkorlik qilish istagidagi fuqarolarga imtiyozli kredit va yer ajratishda amaliy yordam berilayotganligini ma’lum qildi.

Qolaversa, O‘rta qal’a ovuli yerlari serhosil bo‘lib, dehqon xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga moslashganligi, hudud aholisining daromad manbai asosan dehqonchilik mahsulotlaridan iborat ekanligi inobatga olinib, ovul oilalarga issiqxonalar tashkil qilgan holda o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Bu esa aholi bandligini ta’minlash va oilalarning daromad manbaiga ega bo‘lishida, bozorlarimizdagi to‘kin-sochinlik va narx-navo barqarorligiga zamin yaratmoqda.

Tashrif yakunida tuman hokimligi binosining majlislar zalida Aktam Haitov, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, mahallalardagi hokim yordamchilari hamda O‘zLiDeP tuman Kengashi mas’ullari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev mahallalarda yangidan ish boshlagan hokim yordamchilarining ish faoliyatini samarali tashkil qilishlari bo‘yicha zarur ko‘rsatma va tavsiyalari berdi.

Aktam Haitov tomonidan hokim yordamchilari har bir oilaning yashash tarzidan, oilaviy sharoitidan doimo bohabar bo‘lib turishi, o‘zlari biriktirilgan mahallani har tomonlama rivojlantirishga, aholining yashash sharoitini yaxshilashga va tadbirkorlik qobilyatini qo‘llab- quvvatlashga mas’ul ekanligi aytib o‘tildi.

Shundan so‘ng, O‘zLiDeP rahbari Aktam Haitov partiyaga a’zo bo‘lish istagini bildirgan hokim yordamchilariga a’zolik guvohnomalarini topshirdi.

Shuningdek, partiyaning saylovoldi dasturida belgilab qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda partiya a’zolari va faollari sidqidildan harakat qilmog‘i lozimligi ta’kidlandi.

Tuman hokimligining axborot xizmati