O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin tumanimizga tashrif buyurdi

Туман янгиликлари

Maktabgacha ta’lim – uzluksiz ta’limning boshlang‘ich qismi hisoblanadi. U bolaning sog‘lom va rivojlangan shaxs bo‘lib shakllanishini ta’minlab, o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini uyg‘otib, tizimli o‘qitishga tayyorlab boradi. Shu sababli ham bugungi kunda yurtimizda ta’limning poydevori hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimini zamon talablari darajasida rivojlantirish, bog‘cha yoshidagi bolajonlarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish ko‘rsatkichini oshirish masalasiga tizimli ravishda e’tibor berilmoqda. Xususan, tumaning qamrov darajasi past bo‘lgan ayrim hududlarida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish, davlat-xususiy sherikchilik asosida va nodavlat oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Tumanimizdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda o‘z taklif va tavsiyalarini berish maqsadida 24 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin tumanimizga tashrif buyurdi.

Vazir Tosh yop ovuli “Obod qal’a” aholi punktida joylashgan “Zebo” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘ldi. Mazkur muassasa 100 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bolajonlarga sifatli ta’lim-tarbiya berish bilan birga rus va ingliz tillarida muloqot qilish ko‘nikmalari ham o‘rgatib kelinmoqda. Vazir muassasa faoliyati va bu yerda tarbiyalanuvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishar ekan, tarbiyachilar, oshpazlar, to‘grak rahbarlari va boshqa xodimlar faoliyatini ham ko‘zdan kechirdi.

Shundan so‘ng vazir boshchiligida tumanimizdagi bir guruh soha mas’ullari Mang‘it shahrining Oybek nomli mahallasi hududida joylashgan 6-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lishdi. Vazir ushbu tashkilot faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tumanimizdagi ushbu muassasada ham ta’lim-tarbiya jarayoni namunali tarzda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, har bir bolaning individual imkoniyatlarini, qobiliyatlarini, xohish-istaklarini, ehtiyojlarini hisobga olgan holda ta’lim hamda tarbiya berilmoqda.

Tashrif davomida vazir tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim va tarbiya jarayonlarini xorijiy mamlakatlar tajribasini qo‘llagan holda ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida tashkil qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Ma’lumki, 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida mamlakatimiz bo‘yicha maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasini hozirgi 67 foizdan kamida 80 foizga yetkazish reja qilib olingan. 2022-2023 yillarda 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasini 90 foizga, 2024-2025 o‘quv yili yakuniga qadar esa 100 foizga yetkazish, maktabgacha ta’lim tizimiga xususiy sektor mablag‘larini jalb qilish orqali 7 mingdan ziyod yangi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish asosiy maqsad qilib olingan. Maktabgacha ta’lim vaziri tumanimizda ham maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonini oshirish va qamrov darajasini yanada kengaytirish borasida o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Tuman hokimligining axborot xizmati.