OILANING MO‘L DAROMAD MANBAI

Туман янгиликлари

Mamlakatimiz tabiiy iqlim sharoitida 300 kundan ortiq quyoshli kunlarning mavjudligi hududimiz dehqonlari uchun oddiy konstruksiyali issiqxonalarda ham tabiiy sharoitda turli ko‘katlar, ismaloq va ertagi ekinlar ko‘chatlarini yetishtirish imkonini beradi.

Tumanimizda plyonka bilan yopilgan issiqxonada isitish vositalari o‘rnatmasdan, ko‘klamda ertagi sabzavotlar ko‘chatlari bilan dehqonlarimizni ta’minlab, yurtdoshlarimiz dasturxoni to‘kinligiga munosib hissa qo‘shayotganlar talaygina.
Qilichboy ovulida istiqomat qiluvchi mohir tomorqachi Qo‘chqorboy Nurimov shularning biri. U o‘z tomorqasiga o‘rnatgan qo‘lbola 4 sotixlik issiqxonasida qish bo‘yi turli ko‘katlar, barra piyoz, ismaloq yetishtirib, bozorga sotadi. Erta ko‘klamda esa issiqxonaning piyoz, ismaloqdan bo‘shagan yerlarida ertagi ekinlar ko‘chati yetishtiradi. Uy sharoitida ekkan bodring, pomidor, baqlajon, bulg‘or qalampiri kabi ro‘zg‘or uchun kerakli ekinlar urug‘lari unib chiqqach, hozirgi kunda yashiklarga ko‘chirib o‘tqazib, issiqxonasida parvarish qilmoqda.

Issiqxonaga kirgan kishi quyosh nuridan bahra olib, durkun rivojlanayotgan ko‘chatlarning xuddi yoz pishiqchiligining hidini taratayotganiga guvoh bo‘ladi, ko‘zi quvonadi.

– Bularning bari mehnat tufayli. Oila a’zolarimiz bilan bekor o‘tirmay, necha yillardan beri turli ko‘katlar, ismaloq, ertagi ekinlar ko‘chati yetishtiramiz, kelgusida zamonaviy issiqxona qurib, faoliyatimizni kengaytirish niyatimiz bor, – deydi Qo‘chqorboy Nurimov.

Uning amalga oshirayotgan ishlari bilan tanishgan odam agar ko‘ngilda niyat bo‘lsa, oilada ham daromad manbalarini yaratish mumkin ekanligiga iqror bo‘ladi.

Asli mirishkor dehqonlar yurti hisoblanmish Qilichboyda Qo‘chqorboy Nurimov kabi dehqonchilikdan mo‘l daromad olib, oilasi farovonligini ta’minlayotganlar safi ortib bormoqda.

Oygul RAJABOVA.
Suratda: Qilichboy ovul fuqarolar yig‘ini raisi Bahrom Qodirov (chapda)

va tomorqachi Qo‘chqorboy Nurimovlar ekinlarni ko‘zdan kechirmoqda.
Mahmudjon SHOMURODOV
olgan surat.