BIR AYOL HAYOTIDAGI KO‘P YILLIK MUAMMOLAR IJOBIY HAL ETILDI

Туман янгиликлари

Prezidentimizning tegishli Farmoniga ko‘ra mamlakatimizning shahar-tumanlarida Adliya bo‘limlari tashkil etilib, faoliyatini boshlagani xalqimizning orzulari ro‘yobi bo‘ldi desak, adashmagan bo‘lamiz. Chunki o‘tgan davr mobnaynida bo‘limlar aholining og‘irini yengil qilib, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining so‘zsiz himoya qilinishini ta’minlab kelmoqda.

Shuningdek, adliya bo‘limlari tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida qonuniylikni ta’minlash va amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilinishi doimiy ravishda o‘rganilib, tahlil qilinmoqda, natijasi bo‘yicha takliflar, ta’sir choralari ko‘rilmoqda. Yangi qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlar yuzasidan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazish orqali aholining huquqiy ongi va madaniyati yuksalishiga hissa qo‘shmoqda, jamiyatimizda, davlatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligiga erishishga harakat qilinmoqda.

Amudaryo tumani Adliya bo‘limida ham fuqarolar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga, o‘z vakolati doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Muammolar o‘z vaqtida hal etilayotganligini aholi haqli e’tirof etmoqda, bu bo‘lim nufuzi oshishiga xizmat qilmoqda.

Yaqinda tumanimizning Kuyuk ko‘pir ovulida istiqomat qiluvchi fuqaro Umid Galiyeva fuqarolik pasporti yo‘qligi sababli nogironligi bo‘lsa-da, nogironlik nafaqasiga chiqa olmayotganini, mazkur masalada yordam berishini so‘rab bo‘limga murojaat qilgan edi. Tuman Adliya bo‘limi ushbu murojaatni ijobiy hal qilish uchun tuman Ichki ishlar bo‘limining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasini jalb qilib, hamkorlikda Galiyeva Umid Tadjibayevnaga shaxsini tasdiqlovchi ID karta olishga yordam berdi. Bu bilan ushbu fuqaroning 19 yillik shaxsini tasdiqlovchi hujjat olish uchun bo‘lgan sarsonligiga chek qo‘yildi.

Bo‘lim mas’ullari bu bilan cheklanmadi. Chunki ushbu fuqaroning nogironligi bo‘lsa-da, shaxsini tasdiqlovchi hujjati yo‘qligi sabab nogironlik nafaqasiga chiqish masalasi bir necha yildan beri hal etilmay kelayotganini inobatga olib, fuqaro 2-sonli Amudaryo tumanlararo Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga tibbiy ko‘rikka olib borildi. Qisqa muddatda Umid Galiyevaga 2-sonli Amudaryo tumanlararo Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining 2022 yil 11 fevraldagi xulosasi bilan 2-guruh nogironligi tayinlandi.

Bundan tashqari murojaatni o‘rganish davomida Umid Galiyeva shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmaganligi sababli turmush o‘rtog‘i bilan qonuniy nikohdan o‘ta olmaganligi, katta farzandining tug‘ilish guvohnomasini esa “yolg‘iz ona” maqomi bilan olishga majbur bo‘lganligi aniqlandi.

Tuman Adliya bo‘limining aralashuvi bilan fuqaroning bu muammolari ham qisqa fursatda hal etildi. Ya’ni Umid Galiyeva va turmush o‘rtog‘i Qalbay Nuraddinov belgilangan tartibda tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limida qonuniy nikohdan o‘tishdi va ularning katta farzandi Nuraddinova Nursulu Qalbay qizining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasining “otasi” grafasidagi kamchiliklar to‘g‘rilanib, unga Nuraddinov Qalbay Sa’dullayevichning otaligi belgilandi.

Fuqaro Umid Galiyevaning murojaatiga kompleks yondoshilib, murojaati to‘liq qanoatlantirildi.

Bo‘lim faoliyatida buningdek misollar juda ko‘p. Yurtdoshlarimizni yillar mobaynida qiynab kelayotgan huquqiy muammolar Adliya bo‘limi xodimlari tomonidan ijobiy hal qilinmoqda.

Oygul RAJABOV