Sektor mas’ullarining sayyor qabullari davom etmoqda

Туман янгиликлари

Bugun yurtimizdagi barcha hududlar singari Amudaryo tumanida ham “Inson manfaatlari har narsadan ulug‘” degan ezgu g‘oyani hayotga tatbiq etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda joylarda sektorlar rahbarlari va mas’ullari, tegishli muassasa va tashkilot rahbarlari tomonidan joylarda sayyor qabullar, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

24 fevral kuni tumanning Uyshin hamda Olmazor mahalla fuqarolar yig‘inlarida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi. Dastlab, Uyshin madaniyat markazida tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajapov, 1-sektor kotibi Otabek Olloyorov, hamda tegishli tashkilot vakillari 30 nafarga yaqin fuqarolarni qabul qildi.

Sayyor qabul davomida fuqarolar tomonidan 10 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Fuqarolar asosan tomorqalarni oqar suv bilan ta’minlash, mahalla hududidagi ayrim ko‘chalardan yo‘l chiqarish, shuningdek, mahalla hududida joylashgan 47- hamda 75-sonli umumta’lim maktablarga qo‘shimcha ob’ektlar qurish masalasida murojaat qilishdi.

Murojaatlar sayyor qabul davomida qayd etib borildi hamda shu yerning o‘zida ijrosi yuzasidan tegishli tashkilot vakillariga topshiriqlar berildi.

Shundan so‘ng, Davlat kadastrlar palatasi Amudaryo tumani filiali xodimi Sherzod Sultonov tomonidan fuqarolarga onlayn auksionda qatnashib, yer olish tartibi haqida tushunchalar berildi.

Ma’lumotlarda keltirilishicha, onlayn auksionda ishtirok etish istagida bo‘lgan shaxs yuridik yoki jismoniy shaxs sifatida savdo maydonchasi orqali ro‘yxatdan o‘tishi talab etiladi. Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng, ushbu fuqaroga savdo kabineti yaratiladi hamda auksionga qo‘yigan ko‘chmas mulk ob’ektlari haqida fuqarolarga 30 kun oldin xabar beriladi. Mahalla fuqarolari soha mas’ul xodimi tomonidan berilgan ma’lumotlar asosida onlayn auksionda qatnashish va dehqon xo‘jaligiga so‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga olish tartibi haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar.

Kunning ikkinchi yarmida 1-sektor kotibi hamda tuman Xalq qabulxonasi mudiri va tegishli tashkilot mas’ullari ishtirokida Olmazor mahalla fuqarolar yig‘ini binosida sayyor qabul o‘tkazildi. Qabulda mahalla hududida istiqomat qiluvchi 20 ga yaqin fuqarolar qatnashib, mavjud muammolar yuzasidan murojaat qilishdi. Murojaatlar mazmuni mahalla hududidagi ayrim ichki yo‘llarga tosh yotqizish, beton simyog‘ochlar o‘rnatish, elektr tokini barcha xonadonlarga teng yetkazib beruvchi yangi transformator o‘rnatish kabi masalalarda bo‘ldi

Bundan tashqari, ota-onalar tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotiga farzandini qabul qilish jarayoni kechikayotganligi, navbat yetib kelishi uzoq muddatga cho‘zilayotganligi bo‘yicha ham murojaatlar kelib tushdi.

Barcha masalalar qabul davomida qayd etilib, umumlashtirib borildi. Qabul yakunida tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajapov tomonidan barcha murojaatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilinib, murojaatlar ijrosi yuzasidan shu yerning o‘zida tegishli tashkilot mas’ullariga topshiriqlar berilidi.

Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilida faollik ko‘rsatish faqat mahalla hududini, infratuzulmasini obod qilish emas, balki shu mahallada yashovchi aholinining o‘tayotgan har bir kunidan rozi bo‘lishi va jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun munosib sharoitlar yaratishdan iboratdir. Tumanimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan sayyor qabullar ushbu masalalar ijrosini ta’minlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tuman xokimliginig axborot xizmati.