SUDLARDA IJRO HUJJATLARINI YURITISHGA DOIR MASALALAR YUZASIDAN SЕMINAR O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi binosida seminar tashkil etildi.

23 fevral kuni Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi mas’ullari, davlat ijrochilari ishtirokida o‘tkazilgan ushbu seminarda fuqarolik ishlari bo‘yicha Respublika sudlariga qaytarilgan ijro hujjatlari yuzasidan o‘tkazilgan umumlashtirish natijalari muhokama etildi va unga ko‘ra, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar xususida so‘z yuritildi.

Seminar davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan O‘zbeksiton Respublikasining 2001 yilgi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi Qonunining 8-, 24-moddalariga asosan fuqarolik ishlari bo‘yicha Respublika sudlariga qaytarilgan ijro hujjatlari yuzasidan umumlashtirish o‘tkazilgani, shunga ko‘ra tegishli vazifalar belgilab berilgani to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tildi. Undan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud Rayosatining 2018 yil 20 iyuldagi tegishli qarorida sud qarorlari ijrosini qat’iy ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilangani, shunga qaramasdan sud qarorlarining ijrosi talab darajasida emasligi va bu holat fuqarolar o‘rtasida noroziliklar keltirib chiqarayotganligi raqam va misollar bilan ko‘rsatib berilgani aytib o‘tildi.

“E-XSUD” axborot tizimidan olingan ma’ulmotlarga qaraganda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi tomonidan 2021 yilning 1 yanvaridan 16 dekabriga qadar tuman Majburiy ijro byurosiga yuborilgan ijro hujjatlarining 60 foizdan ko‘pi ijro qilingan. Qonunning 8-, 24-moddalariga asosan 20 foizi qaytarilgan. Shuningdek, 20 foiz ijro hujjatlari qoldiqda qoldirilgan.

Shunga ko‘ra, endilikda ijro hujjatlarini yuborishga mas’ul sud organi va Byuro xodimlari ish yuritishda “E-XSUD” tizimi va “MIB Portal” dasturi orqali ma’lumotlar almashinuvini yanada takomillashtirishi, hamkorlikni mustahkamlash, xato-kamchiliklarni bartaraf qilib borishi lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, “E-XSUD” tizimi va “MIB Portal” dasturi o‘rtasidagi ma’lumotlar almashinuvidagi kamchiliklar muhokama etilib, Majburiy ijro byurosiga ijro hujjatlarining asossiz qaytarilishi yuzasidan munosabat bildirildi.

Seminarda umumlashtirish natijalari keng muhokama etilib, kelgusida unda qayd etilgan holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, sud hujjatlarining ijrosini qonuniy muddatlarda to‘liq ta’minlash, fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash va ularning manfaatlarini kafolatli himoya qilish borasida qat’iy choralar belgilab olindi. Shuningdek, Byuro zimmasiga asossiz qaytarilgan ijro hujjatlari yuzasidan aybdorlarga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash majburiyati yuklatildi. Shu bilan birga davlat ijrochilari tomonidan Qonunning 8-, 24-moddasi bilan sudga asossiz qaytarilgan har bir ijro hujjatlari bo‘yicha sud mas’ullari Byuroga tegishli tartibda huquqiy munosabat bildirishi kerakligi ma’lum qilindi.

Seminarda ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga atroflicha, batafsil javoblar berildi.

Qayrulla Atamuradov, Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi.