Tuman Ichki ishlar bo‘limi shaxsiy tarkibi ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekistonda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Buni so‘nggi yilllarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyanining oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish maqsadida Ichki ishlar organlari tomonidan ko‘plab tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 27 fevral kuni Amudaryo tumani Madaniyat markazida O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar Vazirligi mas’ul xodimlari hamda tuman Ichki ishlar bo‘limi shaxsiy tarkibi ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda xodimlar o‘rtasida qonuniylik va xizmat intizomini mustahkamlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashishning o‘ziga xos usullari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha keng tarzda ma’lumot berib o‘tildi.

Bundan tashqari yig‘ilishda, korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab olindi.

Darhaqiqat, korrupsiya shunchaki jinoyat yoki huquqbuzarlik emas, balki ma’naviy buzilish holati hamdir. Shunday ekan, ushbu illatni tag-tomiri bilan yo‘qotish uchun faqatgina huquq-tartibot organlari vakillari emas balki butun bir jamiyat jipsligi talab etiladi.

O‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda shu mavzuga bag‘ishlangan “Korrupiya − jaholatga yo‘l” nomli videorolik namoyish etildi.

 Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan fikr va mulohazalar bildirish jarayonida korrupsiya mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga putur yetkazuvchi demokratik institutlarni zaiflashtiruvchi, ijtimoiy tartibni buzuvchi va jamiyat ishonchini poymol etuvchi illat sifatida e’tirof etilib, uning oldini olish va unga barham berishda davlat organlari va xalqning hamkorligini yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etib o‘tildi.

Bunday yig‘ilishlarni o‘tkazishdan maqsad, avvalo korrupsion jinoyatchilikning oldini olishda huquq-tartibot organlari vakillarining o‘rni nihoyatda katta ahamiyatga ega ekanligini va bu borada amalga oshirilayotgan tizimli ishlar ko‘lamdorligini yanada oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olishdan iboratdir.

Yig‘ilish yakunida o‘z xizmat vazifasini bajarish davomida jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish borasida mardona xizmatlar qilgan 5 nafar soha xodimlari hamda ularning ota-onalari tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar taqdirlangan xodimlarni tabriklab, ichki ishlar idoralari xodimlarining o‘z xizmat vazifasiga yanada mas’uliyat bilan yondashib, xalqimiz tinchligi va jamiyat osoyishtaligini ta’minlashdek sharafli ishlariga omad tiladilar.

Fotima Eshimbetova.