TOSH YOP OVULIDA “MUSTAHKAM OILA – JAMIYAT TAYANCHI” DЕB NOMLANGAN PSIXOLOGIK SЕMINAR O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanining Tosh yop ovulida bir guruh faol nuroniylar, boy hayotiy tajribaga ega mo‘’tabar onaxonlar va ibratli qaynonalar, namunali oilalar vakillari va yoshlarni jalb qilgan holda psixologik seminar tashkil etildi.

Joriy yil 25 fevral kuni bo‘lib o‘tgan ushbu seminarda tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Go‘zal Soburova, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlararo markazi direktori Gavhar Chimbaychiyeva, Ichki ishlar bo‘limining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori Gavhar Utemuradova va 27-sonli maktab psixologi Mavluda To‘rayeva, Tosh yop ovul fuqarolar yig‘ini raisi Gulshod Sobirovalar qatnashishdi.

Seminarda dastlab tumanda o‘tgan davrdagi oilalar o‘rtasidagi ajralishlar, har bir ajralish tufayli begunoh go‘daklar yetim bo‘lib qolayotganligi, xotin-qizlar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan turli salbiy holatlar barchani jiddiy tashvishga solayotgani to‘g‘risida so‘z yuritildi. Shuningdek, oila hayotning abadiyligini, avlodlarning davomiyligini ta’minlaydigan, muqaddas urf-odatlarimizni saklaydigan, shu bilan birga, kelajak nasllar qanday inson bo‘lib yetishishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan tarbiya o‘chog‘i ekanligi to‘g‘risidagi fikrlar bayon qilindi.

Tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Go‘zal Soburova ham so‘zga chiqib, oilada sog‘lom muhitni yuksaltirish, ajdodlarimizning oila masalasidagi ma’naviy-axloqiy meroslarini targ‘ib qilish, erta, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari, qaynona va kelin munosabatlarini mustahkamlashga ko‘maklashish kerakligi to‘g‘risida o‘z mulohazalarini aytib o‘tdi.

Seminar davomida tuman Ichki ishlar bo‘limining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori Gavhar Utemuradovalar Prezidentimizning 2021 yil 19 maydagi “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori mazmun-mohiyati hamda tazyiqqa uchragan xotin-qizlarni himoya qilish, ularning buzilgan huquqlarini tiklash, ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarni jamiyatdagi mavqeini yanada oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amaldagi ijrosi xususida so‘z yuritdi.

Shuningdek, ma’ruzachilar ijtimoiy jihatdan og‘ir ahvolda bo‘lgan oilalarni o‘z vaqtida aniqlab, ularga ijtimoiy, huquqiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslarni o‘z vaqtida aniqlab, ular bilan manzilli profilaktik ishlarni tashkil etish, har bir sodir etilgan huquqbuzarlikning sabab va sharoitlarini chuqur o‘rganish va tahlil qilish maishiy zo‘ravonlikning oldini olish borasidagi muhim qadam ekanligini e’tirof etishdi. Malakali psixologlar tomonidan bu kabi salbiy holatlarning oldini olish yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Seminar yakunida ishtorkchilarga kofe-breyk tashkil qilindi. Tadbir savol-javoblar asosida mazmunli o‘tdi.

Gavhar CHIMBAYCHIYEVA, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish

Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlararo markazi direktori.