Aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid tub islohotlar amalga oshirilmoqda

Туман янгиликлари

Bugungi kunda mamlakatimizda aholini uy-joy bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishi natijasida insonlarning yashash sharoitlari tobora yaxshilanmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

O‘zbekiston Respulikasi Prezidentining 2021 yilning 11 mart sanasida imzolagan “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Ushbu Farmon ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj oilalarni ijtimoiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, xususiy pudrat tashkilotlarini uy-joy qurilishi sohasiga keng jalb etish bo‘yicha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan islohotlarning ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Mazkur Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 avgustda “O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga «Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom ilova qilingan.

Nizomda Prezidentimizning «Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni asosida joriy etilgan bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi doirasida ko‘p kvartirali uy-joylardagi kvartiralarni sotib olish uchun ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badal va foizlarning bir qismini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga subsidiya taqdim etiladigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, shu jumladan, daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni aniqlash mezonlari, subsidiyalarni hisoblash va to‘lash tartibi belgilab berilgan.

Shuningdek, mazkur Nizom Prezidentimizning «Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni asosida yakka tartibdagi uy-joylarga ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga to‘lash tartibini belgilaydi.

Qolaversa, ushbu Nizom doirasida aholiga ipoteka kreditlari bozor shartlari asosida belgilanadigan foiz stavkalarida, ya’ni shaharlar va qishloq joylarda birlamchi bozordagi kvartiralarni sotib olish hamda yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun ajratilishi ko‘rsatilgan.

Nafisa Xudaybergenova, tuman Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi.