IJRO SAMARADORLIGINI OSHIRISH BORASIDA HAMKORLIK YANADA KUCHAYTIRILADI

Туман янгиликлари

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi, Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi mas’ullari, davlat ijrochilari ishtirokida o‘tkazilgan seminar davomida ish yuritishda “E-XSUD” tizimi va “MIB Portal” dasturi orqali ma’lumotlar almashinuvini yanada takomillashtirish, hamkorlikni mustahkamlash, xato-kamchiliklarni bartaraf qilib borish kabi masalalar muhokama etilgan edi. Shunga ko‘ra, Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi tomonidan o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar muhokama etilib, kelgusida sud hujjatlarining ijrosini qonuniy muddatlarda to‘liq ta’minlash, fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash va ularning manfaatlarini kafolatli himoya qilish borasida qat’iy choralar, tegishli vazifalar belgilab olindi.

Ta’kidlash joizki, Majburiy ijro byurosining Amudaryo tumani bo‘limiga 2021 yil 31 dekabr holatiga o‘tgan yildan qoldiq bilan birga 128,4 mlrd. so‘mlik jami 16,4 ming ijro hujjatlari kelib tushgan va o‘tgan yil davomida 97,8 mlrd. so‘mlik 9 478 ta ijro hujjatlarining ijrosi tamomlangan. Shundan 58,4 mlrd. so‘mlik 6 533 ta ijro hujjatlari amalda undirilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlardan 26,4 mlrd. so‘mlik 6 866 ta ijro hujjatlari kelib tushgan bo‘lsa, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 8,24-moddalariga asosan 2,9 mlrd. so‘mlik 465 ta, ya’ni 6,7 foiz ijro hujjatlaridagi kamchiliklarni bartaraf qilish uchun ijroga qabul qilinmasdan qaytarilgan.

Misol tariqasida keltirib o‘tish o‘rinliki, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tumani sudining 2021 yil 24 dekabr kungi ijro hujjatiga ko‘ra qarzdor S.J. dan davlat foydasiga DSI foydasiga 2 mln. 393,6 ming so‘m soliq qarzi undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati “MIB Portal” dasturi orqali kelib tushgan va ushbu ijro hujjatining mazmuni, qaysi ish bo‘yicha berilgan, qarzdor, undiruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar yo‘qligi sababli, Qonunning 8,24-moddasiga asosan qaytarilgan.

Bundan tashqari, ushbu sudning 2021 yil 22 oktabr kungi ijro hujjatiga ko‘ra, qarzdor Q.A. dan undiruvchi O‘.S. ning foydasiga 1,3 mln. so‘m undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati “MIB Portal” dasturi orqali kelib tushgan va ushbu ijro hujjatining PDF ilovasi dasturida yo‘qligi sababli Qonunning 8,24-moddalariga asosan qaytarilgan.

Shuni alohida ta’kidlash joiz, Byuro tomonidan ijro hujjatlarini asossiz qaytarish holatlari faoliyatda o‘rin olmagan bo‘lib, endilikda ijro hujjatlarini yuborishga mas’ul sud organi va Byuro xodimlari ish yuritishda “E-XSUD” tizimi va “MIB Portal” dasturi orqali ma’lumotlar almashinuvini yanada takomillashtirish, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish, hamkorlikni mustahkamlash, xato-kamchiliklarni bartaraf qilib borish bo‘yicha tizimli choralar belgilandi.

Majburiy ijro byurosi Axborot xizmati.