PЕNSIYA VA NAFAQA TAYINLASH TARTIBIGA O‘ZGARTIRISH KIRITILDI

Туман янгиликлари

Yurtimizda pensiya yoshiga yetgan va nafaqaga muhtojligi bor fuqarolarga tegishli maslahatlar berib borish, keksa avlod vakillariga yangi qarorlar va ularning ahamiyatini muntazam tushuntirib borish bugungi kunning talabi.  
Aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish va moddiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, ko‘makka muhtoj fuqarolarga va yolg‘iz keksalarga pul yordami ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish va samaradorligini yanada  oshirish maqsadida  imtiyozli toifadagi shaxslar uchun uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha qonunchilik asosida beriladigan imtiyozlar o‘rniga endilikda oylik kompensatsiya pul to‘lovlari joriy etilmoqda.
Yangi tartibga muvofiq 2022 yil 1 martdan boshlab, kompensatsiya to‘lovi, uni olish huquqiga ega bo‘lgan barcha imtiyozli toifadagi shaxslarga, ushbu shaxslarning pensiya (ijtimoiy nafaqa) olishi yoki olmasligi hamda mehnat faoliyatini olib borishi yoki olib bormasligidan qat’iy nazar, to‘lab boriladi, ijtimoiy nafaqa oluvchi, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslarga kompensatsiya to‘lovi joriy etiladi.
Bunda ijtimoiy nafaqa oluvchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslar uchun har oylik kompensatsiya to‘lovi – pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 45 foizi miqdorida to‘lanadi. Shuningdek, yoshi 100ga to‘lgan va undan oshgan ijtimoiy nafaqa oluvchi shaxslar uchun har oyda pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 100 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilandi.
100 yoshga to‘lgan va undan oshgan fuqarolar nafaqasiga har oyda to‘lanadigan qo‘shimcha to‘lov pensiya va nafaqa tayinlangan tashkilot orqali Respublika budjeti va budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Pensiya, nafaqa tayinlash va to‘lash tartibiga kiritilayotgan o‘zgarishlarga asosan 2022 yil 1 martdan e’tiboran imtiyozli toifadagi shaxslar uchun uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha qonunchilik asosida beriladigan imtiyozlar o‘rniga oylik kompensatsiya puli olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar belgilangan tartibda tuman Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga murojaat qilishlari mumkin.

Akram AHMЕDOV,
Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi

tuman bo‘limi xodimi.