BOLALAR NAFAQASI YANGICHA TARTIBDA BЕRILMOQDA

Туман янгиликлари

Tuman Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi ish boshlaganiga unchalik ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsa ham bugungi kunda fuqarolar juda ko‘p masalalarda yuridik maslahatlar so‘rab murojaat qilishadi. Hozirgi kunda bu murojaatlarning ko‘pchiligi aynan bolalar nafaqasini olish masalalariga borib taqaladi.
Ma’lumki, Prezidentimizning 2021 yil 11 avgustdagi “Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish hamda kambag‘allik bilan kurashish ko‘lamini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, 2021 yil 1 sentabrdan boshlab 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa hamda bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi o‘rniga kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi joriy etilgan edi.
Shunga ko‘ra endilikda inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha, nafaqaning to‘lov muddati 6 oydan 12 oygacha oshirildi. Shu bilan birgalikda nafaqa miqdori oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilash tartibi qo‘llaniladigan bo‘ldi.
Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ham qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, kam ta’minlangan oilalarni "Ijtimoiy himoya yagona reyestri" axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida"gi Nizom tasdiqlandi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam ushbu Nizomda belgilangan tartibda ariza beruvchi murojaat qilgan oydan keyingi oydan boshlab to‘lanmoqda.  
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lashning belgilangan muddati tugagach, ariza beruvchi ushbu nafaqa yoki moddiy yordamni yangi muddatga tayinlash uchun ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.

Sh.VAISNIYAZOV, tuman Yuridik xizmat ko‘rsatish

markazi bosh yuristkonsulti.