MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTLARIDA BOLALARGA BЕRILAYOTGAN OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARI SIFATI O‘RGANILDI

Туман янгиликлари

Oliy majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Sog‘lom turmush tarzi – farovon hayot asosi” loyihasi rejasiga ko‘ra “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi tahririyati tomonidan sog‘lom turmush tarzi haqida keng tushunchalar berish maqsadida qator tadbirlar o‘tkazilmoqda. Mazkur tadbirlarda salomatlikni asrash, yuqumli kasalliklardan himoyalanish, to‘g‘ri ovqatlanish, zararli odatlardan saqlanish kabilar to‘g‘risida soha mutaxassislarini jalb etgan holda kerakli ma’lumotlar berib borilmoqda.

28 fevral kuni “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi tahririyati, Amudaryo telekanali, tuman Sanitariya-epidemiologik va osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimlari hamda Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Oybek Begimovlar tomonidan loyiha doirasida tadbir tashkil etildi. Ishchi guruh tomonidan tumandagi ba’zi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga beriladigan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, taomnomalarining to‘g‘ri tashkil qilingani, zaxira mahsulotlarining saqlanish holatlari o‘rganildi.

O‘rganishlar davomida Boyovul mahallasidagi “Shukrona” nodavlat oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotida 25 nafar kichkintoy tarbiyalanayotgani, ularga malakali tarbiyachi, hamshira hamda oshpaz ta’lim-tarbiya berib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Tashkilotda tarbiyalanuvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Dam olish, mashg‘ulotlar o‘tkazish, hamshira xonalari kerakli inventarlar bilan jihozlangan.

Shuningdek, tashkilot oshxonasidagi sharoitlar ham o‘rganilganda, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilinayotgani, oshpaz vitaminlarga boy, ham ko‘rinishi, ham sifati jihatdan belgilangan me’yorlarga javob beradigan ovqatlar tayyorlayotgani qayd qilindi. Ayniqsa, tushlik uchun hafta davomida lavlagi, sabzi, loviya, pomidor va bodringdan rang-barang salatlar tayyorlab, birinchi va ikkinchi taomlarni pishirishga ham ijodiy yondashayotgani, turli foydali ovqatlar taomnomadan o‘rin olganini ishchi guruh a’zolari alohida e’tirof etdilar.

Tashkilot rahbari Mehrigul Shomurodova kichkintoylarga beriladigan taomnomada vitaminlarga boy hamda toza, yaroqlilik muddati o‘tmagan mahsulotlar ishlatilishiga alohida e’tibor qaratilib kelinayotganini ta’kidladi.

Loyiha doirasidagi o‘rganish ishlari tumandagi 8-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida davom ettirildi. Mazkur tashkilotda 100 nafar tarbiyalanuvchiga 5 ta asosiy, 4 ta qisqa guruhlarda 12 nafar tarbiyachi ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Bu yerda ham oshxonaning faoliyati yaqindan o‘rganildi. O‘rganish davomida oshxonada sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilingan holda ovqat tayyorlanayotgani, mahsulotlarning saqlanishiga alohida e’tibor qaratilib kelinayotgani aniqlandi. Oshxonada taomnoma bo‘yicha mazali va sifatli ovqatlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.

Tuman Sanitariya-epidemiologik ososyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limining bolalar va o‘smirlar gigiyenasi bo‘yicha sanitariya shifokori Nigora Eshimova o‘rganishlar davomida tashkilotlar mas’ullariga, oshpazlarga oshxonaning jihozlanishi, tarbiyalanuvchilarning sog‘lom ovqatlanishi, taom tayyorlash jarayonida texnologiya, sanitariya-gigiyena qoidalari, normativlariga rioya qilish bo‘yicha tushunchalar berib o‘tdi. Undan tashqari, ayni ko‘klam kirgan shu kunlarda bahoriy ko‘katlardan foydalangan holda vitaminlarga boy sabzavotli, mevali salatlar, sut va sut mahsulotlaridan foydalangan holda taomnomaga rang-baranglik kiritib turishni maslahat berdi. Shu bilan birga oshxonada karam sho‘rva, makaron dimlama, shovla kabi tez-tez takrorlanuvchi taomlar o‘rniga manti, osh, bulg‘or do‘lmasi kabi mazali taomlarni tayyorlashni tavsiya qildi.

Loyiha rejasiga ko‘ra maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tashkil etilgan ushbu o‘rganish yakunida mas’ullar tomonidan bu kabi nazorat tadbirlarini kelgusida ham muntazam ravishda o‘tkazib borishga kelishib olindi.

Ozoda Xudoyberganova.