Qishloq xo‘jaligida bahorgi agrotexnik tadbirlar bo‘yicha seminar o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Bahor fasli qishloq xo‘jaligida eng muhim pallalardan sanaladi. Yerlarni ekishga tayyorlash va urug‘ qadash kabi dolzarb yumushlar amalga oshiriladigan ushbu davr dehqonlardan doimgidan-da ko‘proq mehnat qilishni, har bir daqiqani g‘animat bilishni talab etadi.

Bu borada fermerlarga yo‘l-yo‘riq va tavsiyalar berish maqsadida 1 mart kuni Amudaryo tumaniing Choyko‘l ovulida ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Daryabay Qaypov, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Anvar Yo‘ldashev, tuman hokimi o‘rinbosari Islombek Matkarimov, tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Ilhom Polvonov hamda tumanda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etishdi.

Seminarda yerlarning sho‘rini yuvish, kartoshka ekish tartibi hamda 2022 yilda g‘alla yetishtirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlarning bajarilishi kabi muhim masalalarda fermer xo‘jaliklari mas’ullariga tavsiflar berildi.

Ko‘rgazmali seminarda so‘zga chiqqan mutaxassislar avvalo sho‘rlangan yerlarni yuvish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish ekinlarning o‘sishi, rivojlanishi va mo‘l hosil berishi uchun katta ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi. Shuning uchun tuproqdagi zararli va ortiqcha miqdordagi tuzlarni chiqarib tashlash hamda sizot suvlarining minerallashganligini kamaytirish dolzarb vazifa ekanligini qayd etdilar.

Seminarda kartoshka yetishtirishning o‘ziga xos usullari va tanlanishi lozim bo‘lgan urug‘ navlari haqida ham ma’lumotlar berildi. Ma’lumki, yurtimizda ertagi kartoshka fevral oyi oxiri va mart oyi boshlarida ekiladi. Kartoshka ekishni belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirish nihoyatda zarur tadbirlardan biri bo‘lib, ushbu amallar hosil taqdirini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Fermer xo‘jaliklari rahbarlariga bu borada ham ilmiy asoslangan tavsiyalar bayon qilindi.

Bundan tashqari seminar ishtirokchilariga yer maydonini chigit ekish ishlariga sifatli tarzda tayyorlash, ekish mavsumi oldidan mineral o‘g‘it, dorilangan sifatli urug‘lik zaxirasini yaratish, ekiladigan maydonlarni me’yorida sug‘orishni tashkil etish bo‘yicha alohida tushuntirishlar berildi.

Seminarda so‘zga chiqqanlar yerlarni ekishga sifatli tarzda tayyorlash mo‘l hosil olishning muhim shartlaridan biri ekanligi, bu borada yangi zamonaviy usullar, texnologiyalar va ilmiy xulosalardan foydalanish lozimligi haqida fikr bildirishdi. Shu bilan bir qatorda ushbu vazifalarni tezkorlik bilan, tizimli ravishda amalga oshirish bo‘yicha fermerlarga topshiriq va tavsiyalar berildi. Shuningdek, endi har bir fermer yer bilan ishlashda ilm-fanga tayanishi, kerakli mineral o‘g‘itlar me’yorlariga qat’iy rioya qilishi lozimligi alohida ta’kidlandi.

Seminar davomida mutaxassislar kuzgi bug‘doy parvarishida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan muhim jihatlarga ham to‘xtalib o‘tdilar. Fermerlar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, tegishlicha javoblar olishdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati