O‘rta qal’a ovul fuqarolar yig‘inining Yoshlar yetakchisi faoliyatiga bir nazar

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish, intilish va qobilyatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish maqsadida muhtaram Prezidentimiz tomonidan shahar, qishloq, hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi.

Amudaryo tumanidagi 49 ta mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlarida bugun 49 nafar Yoshlar yetakchilari faoliyat olib borishmoqda. Ularga o‘z mehnat faoliyatini samarali tashkil etishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratilib, zarur texnik vositalar bilan to‘liq ta’minlangan.

Yoshlar yetakchilari o‘z ish faoliyatini boshlaganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi. Ammo, bir oydan oshiq vaqt davomida o‘z mahallasi hududidagi yoshlar bilan bevosita muloqot qilib, mavjud muammo va takliflarini tizimli ravishda o‘rganishmoqda.

Jumladan, O‘rta qal’a ovul fuqarolar yig‘ini Yoshlar yetakchisi Nigora Saidmurotova tomonidan yoshlar balansini shakllantirish, mahallaning “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda “Yoshlar daftari” ni yuritish bo‘yicha 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni xatlovdan o‘tkazish, ularning har biriga so‘rovnoma to‘ldirish, muammo va takliflarini o‘rganib, tegishli choralar ko‘rish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 10 fevral kuni tumanimizning 2-sektori hududida Yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi. Forum doirasida “Salomatlik uchun besh ming qadam”, ertalabki badantarbiya mashqlari va turli sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yini, “Yosh kitobxon” tanlovlari o‘tkazildi. Bundan tashqari, tumandagi harbiy qismda xizmat burchini o‘tayotgan harbiylarning chiqishlari, kechki konsert dasturi va gulxan yoqish marosimlari ham bo‘lib o‘tdi. Butun kun davomida o‘tkazilgan tadbirlar barcha yoshlar dilida o‘zgacha taassurot qoldirdi. Forumga 1000 nafarga yaqin yoshlar qamrab olindi.

Ma’lumot uchun, O‘rta qal’a ovul fuqarolar yig‘inida 1017 nafar yoshlar istiqomat qilishadi. Shu o‘rinda aytish joizki, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun ovul hududida barcha sharoitlar yaratilgan. Hududdagi umumta’lim maktablarining sport zallari, informatika xonalari va kutubxonalardan ovul yoshlari ham foydalanishlari mumkin.

Bugun yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida zamonaviy shart-sharoitlarni yaratib berish uchun O‘zbekiston bor kuch va imkoniyatlarini ishga solmoqda.

Chunki, yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga e’tibor qancha kuchaytirilsa, uning samarasi ham shuncha yuqori bo‘ladi. Ushbu vazifalar ijrosini ta’mnlash uchun mahalladagi Yoshlar yetakchilari bor kuch va g‘ayratini safarbar qilmoqda.

Biz ularga mas’uliyatli va shu bilan birga sharafli kasblarida muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Tuman hokimligining axborot xizmati.