FAROVON MAHALLASIDA MAXSUS-TAKTIK O‘QUV MASHQI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan tuman hokimi – Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining 2022 yil 17 yanvardagi tegishli buyrug‘iga muvofiq maxsus-taktik o‘quv mashqi tashkil etildi.

Joriy yilning 2 mart kuni Farovon mahallasi hududida “Mahalla fuqaro muhofazasi” yig‘ma guruhini yaratish va faoliyatini tashkillashtirish maqsadidagi ushbu o‘quv mashqi doirasida dastlab o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi. O‘quv-amaliy seminarga tuman hokimligi, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati tuman bo‘limi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamda fuqarolar yig‘inlari xodimlari ishtirok etishdi.

Ko‘rgazmali o‘quv-seminarning nazariy qismini tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimi Bekzod Tajiboyev olib bordi hamda “Mahalla fuqaro muhofazasi”ning asosiy vazifalari, funksiyasi, tuzilma faoliyatini tashkil etish, moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash tartibi to‘g‘risida ma’ruzalar qildi.

Shuningdek, “Mahalla fuqaro muhofazasi” yig‘ma guruhlarini asbob-anjom, mol-mulk va himoya vositalari bilan ta’minlashni tashkil etish va guruh a’zolarining amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan tartib-qoidalari, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, aholini favqulodda vaziyatlar, ya’ni zilzila, sel va suv toshqini, is gazi va boshqa zaharli gazlardan, ovqatdan zaharlanish, yong‘in, suvda cho‘kish, quturish kasalligi hamda hududlarning radioaktiv, kimyoviy va biologik zararlanishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga, tayyorlashga doir harakatlar to‘g‘risida tushunchalar berib o‘tdi.

Ko‘rgazmali o‘quv mashqining amaliy qismida “Mahalla fuqaro muhofazasi” yig‘ma guruhi shaxsiy tarkibining holati hamda Farovon mahalla fuqarolar yig‘ini hududida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar inobatga olinib, maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi. Dastlab tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limining Qutqaruv otryadi hamda hududiy Favqulodda vaziyatlar davlat tuzilmasi kuch va vositalarining maxsus texnika, asbob-anjomlarini ishlatish va ularning taktik-texnik tavsiflari bo‘yicha tushunchalar berildi.

Favqulodda vaziyatlar davlat tuzilmasi kuch va vositalari tomonidan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘quv mashqlari tarzida ko‘rsatib berildi. Shuningdek, avariya, halokat, tabiiy ofatlar, epidemiya xavfi yuzaga kelganda hamda harbiy harakatlar davrida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlardan aholi hayoti va sog‘ligini, moddiy boyliklarni muhofaza qilishga qaratilgan tadbirlar, bu jarayondagi harakatlar amalda bajarib ko‘rildi.

Ushbu tadbirga Farovon mahalla fuqarolar yig‘inida tuzilgan Fuqaro muhofazasi tuzilmasidan 11 nafar xodim jalb qilindi. Jami o‘tkazilgan ko‘rgazmali o‘quv amaliy seminari va taktik-maxsus o‘quv mashqiga 37 nafar fuqaro va 9 ta maxsus texnika qatnashdi.

Tadbir yakunida barcha vakolatli idoralar vakillari bilan o‘quv mashqi yuzasidan fikrlar almashildi va kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

B.Tajiboyev, tuman FVB bo‘linma boshlig‘i.