Pedagoglardan iborat jamoalar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda ilm-fan rivojiga qaratilayotgan e’tibor ko‘lami yil sayin kengaymoqda. Yoshlarning aql-zakovatini oshiradigan, iqtidorini ro‘yobga chiqaradigan loyihalar izchil qo‘llab-quvvatlanayotgani, intellektual salohiyatni oshirishga qaratilgan har qanday tashabbus rag‘batlantirilayotgani o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 20 yanvardagi “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori imzolanishi ham bilimga chanqoq yoshlar uchun muhim yangilik bo‘ldi.

 Qarorga asosan, Amudaryo tumani Xalq ta’lim bo‘limiga qarashli umumta’lim maktab pedagoglari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil qilindi. Maqsad – iqtidorli yoshlarning bilimlarini oshirish, ularni saralash va intellektual o‘yinlarga keng jalb qilishdir. O‘tkazilgan mazkur intellektual o‘yinda tumanimizdagi 85 ta umumta’lim maktablarining har biridan 1 tadan jamoa qatnashib, bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi.

21 fevraldan 24 fevralgacha “Zakovat” intellektual o‘yinining sektorlar kesimida saralash bosqichi o‘tkazildi. Hududiy saralash bosqichida 1-sektor hududidan 18-, 26- va 82-sonli umumta’lim maktab pedagog jamoalari, 2-sektor hududidan 15-, 27- va 84-sonli maktablar pedagog jamoalari yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. 3-sektor hududidan 9-, 41- va 85-sonli maktab pedagog jamoalari, 4-sektor hududidan esa 30-, 31- va 76-sonli maktab pedagog jamoalari keyingi bosqichga yo‘llanma oldilar.

“Zakovat” intellektual o‘yinining yarim final bosqichi 26 fevral kuni o‘tkazilib, bir-biridan bilimdon va salohiyatli jamoa vakillari o‘zlarining bor bilimlarini ishga solib, kuch sinashishdi.

Yarim final o‘yinlari natijalariga ko‘ra, 1-sektor hududidan 18-sonli umumta’lim maktabi pedagog jamoasi, 2-sektor hududidan 84-sonli umumta’lim maktab pedagog jamoasi, 3-sektor hududidan 9-sonli umumta’lim maktabi pedagog jamoasi, 4-sektor hududidan esa 30-sonli umumta’lim maktab pedagog jamoalari finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

1 mart kuni “Zakovat” intellektual o‘yinining tuman bo‘yicha final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Murosasiz kechgan o‘yin natijalariga ko‘ra finalda 1-o‘rinni 30-sonli, 2-o‘rinni 9-sonli va 3-o‘rinni 84-sonli maktab pedagoglaridan iborat bilimdonlar jamoalari egallashdi. G‘olib bo‘lgan jamoalar Faxriy yorliq va estalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Shu o‘rinda aytish lozimki mustaqil fikrlaydigan, zukko va keng dunyoqarashga ega bo‘lgan o‘g‘il-qizlarni tarbiyalash borasidagi ishlarga davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi sifatida alohida e’tibor berilmoqda. Yoshlarni izlanuvchanlik, tashabbuskorlik va yetakchilikka undab kelayotgan “Zakovat” intellektual o‘yini ham ushbu vazifalar ijrosini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

F.Eshimbetova.