Hokim yordamchisining ko‘magi bilan 10 nafar fuqaro yer uchastkalarini ijaraga oldi

Туман янгиликлари

Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallalarda tashkil etilgan hokim yordamchisi lavozimiga Respublikamizning barcha hududlarida ochiq tanlov o‘tkazilib ular orasidan bilimli va salohiyatli xodimlar tanlab olindi. Amudaryo tumanida ham 49 ta mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlari mavjud bo‘lib har bir mahallaga 1 nafar hokim yordamchisi biriktirilgan. Hokim yordamchilari o‘z mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish joylarini yaratishga mas’ul bo‘lib yer, kredit, kasbga o‘qitish va boshqa zaruriy ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘ymoqdalar.

Tumanimizning Kuyuk-ko‘pir ovulida faoliyat boshlagan hokim yordamchisi Nodirbek Norimbatov ham o‘z mahallasi hududining infratuzilmasini yaxshilashga, hududda tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga e’tibor qaratib, ishbilarmonlik bilan shug‘ullanish istagidagi fuqarolarga imtiyozli kreditlar ajratishda amaliy yordam ko‘rsatgan holda yo‘l-yo‘riq va tavsiyalar berib kelmoqda.

Ma’lumki, yer olib, ekin ekkan holda o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishni istagan fuqarolarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha yangi tizimi yaratildi. Hokim yordamchisi bu borada ham fuqarolarga yaqindan yordam bermoqda. Ovul aholisi bilan muloqot jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori haqida keng tarzda ma’lumotlar berilib, yer uchastkalarini ijaraga olish bo‘yicha hujjatlarni to‘plash va onlayn auksionda ishtirok etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

Shu o‘rinda aytish lozimki, qisqa fursat ichida Kuyuk-ko‘pir ovulida istiqomat qiluvchi fuqarolardan 10 nafari onlayn auksionga qatnashib, yer maydonlarini ijaraga olishdi. Fuqaro Erkin Mamirov ham mazkur auksionda ishtirok etib, 10 yil muddatga ijara asosida 41 sotix yer egasiga aylandi. Uning ta’kidlashicha, hukumatimiz tomonidan yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlar nafaqat aholi bandligini ta’minlash, balki qishloq xo‘jaligida mahsulotlar yetishtirish ko‘lamini oshirish va xalq farovonligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.

Mahallaning yana bir fuqarosi Baxtiyor Haytimbetov ham hokim yordamchisining tavsiyalari va ko‘rsatmalari asosida ye-auksion onlayn platformasida ro‘yxatdan o‘tib, belgilangan tartibda auksionda ishtirok etdi va dehqon xo‘jaligi tashkil qilish uchun yer maydonini ijaraga oldi. U ham yerdan unumli foydalanib, avvalo oilasining iqtisodini yuksaltirishni va bozorlarimizga arzon narxda dehqonchilik mahsulotlarini yetishtirib berishni maqsad qilgan.

Hokim yordamchisi tomonidan hududda ishsizlikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va daromad manbalarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar talaygina. Fuqarolardan esa faqatgina mavjud imkoniyatlar va shart-sharoitlardan foydalanish talab qilinadi, xolos.

Ta’kidlash joizki, paxta va g‘alladan qisqartirilgan yer maydonlarini aholiga ijaraga berish tizimi yaratilgani poliz va sabzavot ekinlari, dukkakli va moyli ekinlar yetishtirish hajmining yanada ortishiga, pirovardida esa oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, xalqimiz farovonligi va mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga zamin yaratadi.

Tuman hokimligining axborot xizmati